Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kitob tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi D.Sh. go‘yoki bankda yuqori foizli omonat turi borligini aytib, 2 nafar fuqarolarni aldab, ulardan jami 19 000 AQSh dollari va 300 mln so‘m pullarni olib, bankka omonat sifatida qo‘ymasdan o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Departamentning Ko‘kdala tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining Ko‘kdala BXM sobiq mahalla agenti A.B. bankda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro X.X.ning nomiga 60 mln so‘m miqdorida kredit ajratib berishi evaziga undan 300 AQSh dollari va 1 mln so‘m pullarni olganligi hamda ajratilgan 60 mln so‘m kredit mablag‘larini ham o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 2 mln so‘m pullarning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Departamentning Muborak tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining Muborak filiali sobiq mahalla agenti G.A. fuqaro H.H.ning ishonchiga kirib, uni aldab, qalbaki hujjatlardan foydalanib, uning nomiga bankdan 47 mln so‘m miqdorida kredit olib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlanib, tekshirish davomida ushbu kredit mablag‘lari bankka to‘liq to‘langan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.