Bu masala yuzasidan Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Matbuot xizmati oʻz munosabatini bildirdi.
Maʼlumotda keltirilishicha, Oʻzbekistonda chigirtkalarning 200 yaqin turi mavjud. Shundan mamlakatimizda tarqalgan mazkur hasharotning 6-8 turi yaylov va qishloq xoʻjalik ekinlariga zarar keltiradi.
Tasvirdagi chigirtkalar mahalliy va marokash turiga oid boʻlib, mahalliy chigirtka ekinlarga xavf solmaydi. Marokash chigirtkasiga qarshi mavsumda uygʻunlashgan himoya chora tadbirlari oʻtkazib kelinadi.
Voqea joyida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati tomonidan oʻrganishlar olib borildi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunga qadar Qashqadaryo viloyatida 87 980 gektar, shu jumladan, Dehqonobod tumanida 16 222 gektar maydonda zararli chigirtkaga qarshi kurash ishlari olib borilgan. Mazkur zararkunandalarga qarshi kurash boʻyicha agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan, hududda 25 ta traktor purkagichlari, 6 ta UMO-purkagichli maxsus avtomashina, 1 ta tritsikl jalb etilgan boʻlib, shuningdek qoʻl apparatlari yordamida ham zararsizlantirish jarayonlari davom etmoqda.
Respublika boʻyicha bugungi kunga qadar xavfli deb hisoblangan 340 528 gektar maydonda kuzatuv monitoring ishlari olib borilib, jami 232 786 gektarda kimyoviy ishlov amalga oshirildi.