Bu haqda viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 2005-yilda tugʻilgan bemor qiz avvaldan “D” hisobda turgan boʻlib, mazkur holat bilan tibbiyot muassasasiga ikkinchi marotaba murojaat qilgan. Bemor qorin yuqori qismida ogʻriq, shish, koʻngil aynish, qusish kabi shikoyatlari boʻlgan.

Navbatdagi tekshiruv va markazning oliy toifali shifokori M.Pardayev boshchiligidagi jarrohlar tomonidan bajarilgan jarrohlik amaliyoti davomida bemorning oshqozonida katta hajmdagi soch toʻplami — trixobezoar aniqlanib, u toʻliq holda olib tashlandi.

Olingan trixobezoarning uzunligi — 58 sm, eni — 7 sm, ogʻirligi — 1 kilogramm 400 grammni tashkil etadi.

Mutaxassislar xulosasiga koʻra, ushbu trixobezoar bir necha yillar davomida soch yutib borilishi natijasida shakllangan.

Mazkur holat ushbu bemorda ikkinchi marotaba aniqlanmoqda. Bir necha yil muqaddam bemorga xuddi shu holat sababli fitobezoar tashxisi bilan laparotomiya va gastrotomiya jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, mazkur tibbiyot muassasasi amaliyotida bu holat uchinchi marotaba qayd etilmoqda. Ilgari kuzatilgan ikki holat fitobezoar boʻlgan boʻlsa, mazkur holat oʻziga xos trixobezoar sifatida baholanmoqda.

Ayni paytda bemorning ahvoli barqaror boʻlib, u shifokorlar doimiy nazorati ostida davolanmoqda. Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish maqsadida bemorga jarroh, gastroenterolog va psixiatr shifokorlar tomonidan kompleks nazorat tavsiya etildi.

Maʼlumot uchun: “D” hisob — surunkali yoki jiddiy kasallik bilan shifokorlar nazoratida degani.