Bu haqda «Millar» dasturida ma’lum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, xodimning jag‘ qismidan jarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan. Shu tufayli u voqeani so‘zlab berolmadi. Ammo uning onasi holatni tushuntirishga urindi. Unga ko‘ra, rahbar topshiriqlarni so‘ragan. O‘g‘li bajarganini aytib, telefonida ko‘rsatayotgan vaqtida boshlig‘i jag‘iga urgan. 

“Jag‘ suyagi yorilib ketgan. Bu insonning bolasimi? O‘g‘limning ahvoli hozir qoniqarli. Ertalab soat 10:00 larda jag‘ini tikdik. Hozir ochilmaydi, gapirolmaydi. Og‘ziga suv tomizib o‘tiribmiz”, — deydi ayol. 

Yoshlar ishlari agentligi esa mazkur holat yuzasidan darhol maxsus ishchi guruh tuzilgani va hozirda o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Agentlik matbuot xizmati o‘rganish ishlari yakunlanmaguncha tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslikni so‘radi.

Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.