Tumanning Oʻtamayli hududida har yili may oyining birinchi oʻn kunligida qovun va tarvuzlar mamlakatimizda birinchi boʻlib pishib yetiladi hamda eksportga joʻnatiladi.

Bu yil tarvuz yetishtirishda yana bir yangilikka qoʻl urildi. Usta dehqonlarning tinimsiz izlanishlari va mehnati natijasida urugʻsiz pishib yetiladigan qora tarvuzlar yetishtirildi.

— Rossiyalik xaridorlarning tavsiyasi bilan ilk marotaba tarvuzning yangi “Style” navini yetishtirdik, — deydi Ulugʻbek Jumanazarov. — Lalmi yerlarda qurilgan issiqxonalarda parvarishlangan tarvuzlar eksportga moʻljallangan. Hosil koʻrganingizdek may oyida tayyor boʻldi.

Darhaqiqat, mahsulotlar tarkibidagi moddalar miqdorini saqlash maqsadida mahalliy oʻgʻitlardan foydalanilgan. Bu esa oʻzining yaxshi samarasini koʻrsatib, xaridorlar talabini toʻla qondiradi.

Ayni kunlarda tumanning lalmi maydonlaridan qoʻshimcha yerlar oʻzlashtirilyapti, qishloq xoʻjaligi va poliz mahsulotlari yetishtirish hajmi ham yildan-yilga ortyapti.

Asosiysi, mahsulotlarni xalqimiz dasturxoniga ertaroq taqdim etishga erishilyapti.

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi masʼul xodimlari ushbu hududdagi fermer va tomorqa egalari huzuriga tashrif buyurib, mahsulotlarni eksportga rasmiylashtirishda yaratilgan qulayliklar toʻgʻrisida tushuntirishlar berdi, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.