Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 11-15-yanvar kunlari Abu-Dabi shahrida oʻtkazilgan “Abu Dhabi Sustainability Week 2026” xalqaro haftaligi boʻlib oʻtdi.

Haftalik doirasida Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida quvvati 300 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 75 MVt·soatli energiya saqlash tizimi (BESS)ni oʻz ichiga olgan loyiha boʻyicha moliyalashtirish masalalari yuzasidan kelishuv imzolandi.

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev, energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, Birlashgan Arab Amirliklari Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy hamda “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramahiy ishtirok etdi.

Mazkur loyiha BAAning “Masdar” kompaniyasi ishtirokida DXSH asosida amalga oshiriladi.

Loyihani amalga oshirishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyaviy resurslar jalb etiladi. Shuningdek, moliyalashtirish paketida Kanada va Finlyandiya hukumatlari mablagʻlari, Yaponiya bilan hamkorlik jamgʻarmasi doirasidagi resurslar hamda bank instrumentlari nazarda tutilgan.

Taʼkidlanishicha, loyiha ishga tushirilgandan soʻng atmosferaga yiliga 280 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi, 231 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi, shuningdek, 280 mingtaga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.

Gʻuzor loyihasi “Masdar” kompaniyasining Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida boʻlib, ushbu loyihalarning umumiy quvvati taxminan 2 GVtni tashkil etadi.

Mazkur yoʻnalishda jalb etilgan investisiyalar hajmi 2 milliard AQSH dollaridan ortdi.