Dehqonobod tuman yashagan 14.08.2021-yilda tugʻilgan X.Sh 5 kun davomida oʻz turar joyida “Dok-1 Maks” siropini isteʼmol qilib kelib, sogʻligi yomonlashganligi sababli 27.12.2022-yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib kelinib, koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 28.12.2022-yilda vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

"Hurmatli fuqarolar, Sogʻliqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining 23.12.2022-yildagi buyrugʻi bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan.

Shunga koʻra, Sizlardan “Dok-1 Maks” dori vositalarini qabul qilmaslikni, ushbu dori vositalari sotilayotganligi hamda tavsiya qilinayotganligidan xabar topsangiz darhol prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni soʻraymiz", — deyiladi prokuratura bayonotida.