Joriy yilning 4-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudida shu tumanning Balxiyak qishlog‘ida yashovchi O‘.Abdullayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2010 yilda dehqon xo‘jaligi tashkil etgan bu fuqaro "Talimarjon-Muborak" magistral quvuriga d-76 mm lik quvur orqali noqonuniy ulanib, ichimlik suvidan ekinlarni sug‘orib kelgan.
"Qashqadaryo suv ta’minoti" MCHJ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida uning bu qilmishi fosh bo‘lib, jamiyatga 282 716 280 so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.
Sud to‘plangan hujjatlar va tomonlarning ko‘rsatmalarini o‘rganib, O‘.Abdullayevga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlanib, undan 282 716 280 so‘m zarar undiriladigan bo‘ldi va sud zalidan qamoqqa olindi, deyiladi xabarda.