Yetti milliy dastur — yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar ko‘lamini kengaytirishi, uning milliy davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiy barqarorlik, aholi farovonligi kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha samaradorligini karrasiga oshirishi shubhasiz. Zero, Prezidentimiz mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ilgari surgan ushbu dasturlar mamlakatimizni kelgusi davrda kompleks rivojlantirish va inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan strategik taraqqiyot modelidir.
Ekologik barqarorlikka doir to‘rtinchi dasturdan qiyos. Ushbu dastur maqsad-mohiyatidan avval mamlakatimiz kelgusi taraqqiyot yo‘lini belgilab beruvchi strategik dasturlar majmuidan mazkur yo‘nalishning alohida joy olishi zaruratiga to‘xtalib o‘tsak. Gap shundaki, jamiyat taraqqiyotining bugungi bosqichida mamlakat qudrati faqat iqtisodiy o‘sish, sanoat ishlab chiqarishi yoki yalpi ichki mahsulot hajmi bilan o‘lchanmaydi. Zero, suvni qanday asrashi, yer va tabiiy boyliklardan qanday foydalanishi, shaharlarni qay darajada yashillashtirishi, kelajak avlod uchun qanday ekologik muhit qoldirishi ham davlat taraqqiyotining muhim mezoniga aylanmoqda.
O‘zbekistonda ekologik siyosatning yangi bosqichi aynan shu qarashga tayanmoqda. Bu jarayonda suv tejamkorligi, “Yashil makon”, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ekologik madaniyatni yuksaltirish bir-birini to‘ldiruvchi yagona strategik yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bugun dunyoda “yashil iqtisodiyot”, “yashil infratuzilma”, “suv xavfsizligi”, “iqlimga moslashuv”, “resurs tejamkorligi” kabi tushunchalar oddiy ekologik atamalar emas, balki taraqqiyot strategiya¬sining muhim shartiga aylanganini ko‘r-yapmiz. Zotan, suv resurslari cheklangan, qishloq xo‘jaligi sug‘orishga yuqori darajada bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston uchun tabiatning bebaho ne’mati — suvdan oqilona foydalanish, ushbu resurs taqsimoti borasida o‘ziga xos yondashuvlarni amaliyotga joriy etish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish, Orolbo‘yi ekologik inqirozi va aholi sonining ortib borishi tabiatga munosabatni o‘zgartirishni obyektiv zarurat, tabiiy ehtiyojga aylantirmoqda. Ana shu ehtiyoj yangi O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi bosqichida ekologik islohotlarning o‘zagiga aylanmoqda.
Ekologik siyosat formulasi
Milliy dasturning to‘rtinchisi suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga bag‘ishlangan. Bu esa ekologik masalalarga endi muayyan soha doirasidagi vazifa emas, balki milliy taraqqiyotimizning alohida yo‘nalishi sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi.
Tantanali marosimda davlatimiz rahbarining nutqidagi bir jumlani ekologik siyosatning o‘ziga xos formulasi sifatida qabul qilish mumkin: “Tabiatga munosabat — xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir”. Bu fikrda uchta muhim tushuncha mujassam: ¬madaniyat, ¬mas’uliyat va sifat. Demak, tabiatni asrash faqat ekologiya sohasi vakillarining ishi emas. Bu — butun jamiyatning madaniy takomiliga xizmat qiluvchi jarayon. Suvni tejash faqat suv xo‘jaligi tizimining vazifasiga kirmaydi. Bu — davlat, fermer, tadbirkor va har bir fuqaroning mas’uliyati. Yashil shahar esa faqat obodonlashtirish natijasi emas.
Bu — taraqqiyot sifatining ko‘rsatkichi.
Yangi milliy dasturning to‘rtinchi yo‘nalishi mamlakatimizning kelgusi taraqqiyoti va xalqimiz hayoti uchun qanchalik ahamiyatli va bundan nimalar kutilmoqda?
Birinchidan, to‘rtinchi milliy dastur asosidan biri — suv masalasi O‘zbekis¬ton uchun qishloq xo‘jaligidan ham kengroq tushuncha. U oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi, sanoat, energetika, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Shu sababli suvga munosabatning o‘zgarishi iqtisodiyotning ishlash mexanizmiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bir necha yil avval suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga asosan muayyan hududlardagi ilg‘or xo‘jaliklar tajribasi sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xususan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekistonda ekologik barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv taqchilligi, tuproq sog‘lomligi va pestitsidlardan foydalanishni kamaytirish masalalari bo‘yicha qilinayotgan ishlar qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etdi. FAOning “yashil” qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mintaqaviy texnik platformasida O‘zbekiston pilot mamlakatlardan biri sifatida ishtirok etmoqda.
Ikkinchidan, suv xavfsizligi masalasi ko‘pchilik tasavvur qilganidan ko‘ra muhim. Chunki mamlakatda suv resurslarining taxminan 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarflanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2030 yilga borib suv tanqisligi
7 milliard kub metrgacha yetishi, uzoq istiqbolda esa yanada kuchayishi mumkin. Shu sababli suvni tejash masalasi ekologiya bilan bir qatorda iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi masalasi hamdir. Shuning uchun “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida suv resurslarini samarali bosh¬qarish, qishloq xo‘jaligida suv -tejovchi texnologiyalarni kengaytirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Suv tejash masalasida 2019-yilga qadar aytarli texnologiyalar yo‘q, sohada tizimli muammolar yig‘ilib qolgan edi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘qligi, mahalliy ishlab chiqarish rivojlanmagani, hatto suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish istagidagi talabgorlarni yetarlicha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmagani bois, 2019-yilga qadar respublikada suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar bor-yo‘g‘i 28 ming gektarni tashkil etgan. Texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha malakali mutaxassislar, servis va muhandislik salohiyati haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bularning hammasi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga katta to‘siq bo‘layotgan edi.
Prezidentimiz bu borada yaqin besh-o‘n yilda mamlakatimiz qanday muammolarga duch kelishi mumkinligini oldindan his eta olgani bois ham suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda misli ko‘rilmagan ulkan ishlarni boshlab berdi. Zero, bu qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, ertangi kunimiz bilan bog‘liq strategik masala edi.
Har tomchisi hisobli va qadrli
Milliy dasturda suvga munosabatni o‘zgartirishning asosiy mohiyati shunda: bir tomchi suv ham behuda ketmasin, bu bebaho resurs sarfi yuqori qiymatli mahsulot bo‘lib qaytishi shart. Shuning uchun 2030-yilgacha qishloq xo‘jaligi ekin maydonida suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazishdek katta maqsad qo‘yilgan. Belgilangan bosqichlar ham aniq: 2026-yilda — 65 foiz, 2027-yilda — 75 foiz, 2028-yilda — 85 foiz, 2029-yilda — 95 foiz va 2030-yilda — 100 foizlik natijaga erishish qat’iy reja qilindi. Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqish vazifasi umummilliy marra sifatida belgilandi.
Bu ulkan maqsadlar ham o‘z-o‘zidan qo‘¬yilayotgani yo‘q. So‘nggi yillarda aynan shuning uchun katta zamin hozirlandi. Qisqa muddatda mamlakatimizda suv resurslaridan tejamli va samarali foydalanish yuzasidan tizimli choralar ko‘rildi. Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rgangan holda respublikamizda tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret kabi usullarda sug‘orish, shuningdek, yerni lazer uskunali yer tekislagichlar bilan tekislash texnologiyalari joriy qilina boshladi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida so‘nggi yillarda respublikamiz bo‘yicha 664 ming gektarda tomchilatib, 121 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret sug‘orish va 107 ming gektarda bosh¬qa turdagi suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi hamda 1,6 million gektar maydon lazerli texnologiyalar yordamida tekislandi.
Joriy yilning o‘zida 136 ming gektarda tomchilatib, 26,7 ming gektarda yomg‘irlatib, 12,1 ming gektarda diskret sug‘orish va 157 ming gektarda boshqa turdagi suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi hamda 302,3 ming gektar maydonda lazerli yer tekislash ishlari bajarildi.
Misol uchun, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Baxtiyor Ne’mat Shavkatjon” fermer xo‘jaligi 2019-2025-yillarda sug‘oriladigan barcha maydonda — 237 gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qildi. Ilk natijaning o‘zini oling — 24 gektar paxtazorda hosildorlik 80 sentnerga yetgan. Holbuki, bunga qadar ushbu maydonda paxta hosildorligi 25-30 sentnerdan oshmagan.
Yoki Bulung‘ur tumanidagi “Metin Group Impeks” MChJ erishgan natijani olaylik. 700 gektar g‘allazorda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgandan so‘ng har gektardan 50-55 sentner hosil olingan. Ilgari ushbu lalmi yerda hosildorlik har gektariga 10-20 sentnerni tashkil etgan, xolos.
Bunday misollarni yurtimizning barcha hududidan o‘nlab keltirish mumkin. Bular besh-olti yilning nari-berisida suv tejash texnologiyalarini joriy etish borasida qo‘yilgan dadil qadamlarning dastlabki natijalari. Zotan, suv muammosi barcha mamlakatlarni, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasini qamrab kelayotgan hozirgi sharoitda bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini keskin oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Aynan shuning uchun ham davlatimiz rahbari tomonidan kelgusi davr uchun belgilangan milliy dasturda suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish masalasi alohida o‘rin egalladi.
Suv tekin bo‘lmaydi
Bugun suv tejamkorligi atrofida butun bir iqtisodiy ekotizim shakllanmoqda. Suv resurslaridan oqilona foydalanish fermerdan — texnologiya ishlab chiqaruvchigacha, bankdan — ilmiy muassasagacha, mahalladagi iste’molchidan — davlat boshqaruvigacha bo‘lgan butun tizimning hamjihat harakatini talab qiladi.
2019-yilda suv tejovchi texnologiyalar butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar soni bor-yo‘g‘i
3 ta bo‘lgan, 2025-yil oxiriga kelib esa ularning soni 60 taga yetgan. Bu raqamning ortida muhim tendensiya bor. Suv tejaydigan uskuna ishlab chiqaruvchi zavod uchun yangi bozor paydo bo‘ladi. Uskunani o‘rnatadigan mutaxassis uchun yangi ish o‘rni ochiladi. Uni ishlab chiqaradigan muhandis uchun yangi innovatsion vazifa yuzaga keladi. Fermer uchun esa resursdan samarali foydalanish imkoniyati kengayadi.
Demak, suv tejamkorligi iqtisodiy taraqqiyotni resurs samaradorligiga asoslangan yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Suv tejovchi texnologiya deganda, avvalo, tomchilatib sug‘orish tushuniladi. Ammo masala bu bilan cheklanmaydi. 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan rejalarda 3,5 million gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, jumladan, 220 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 110 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish va 600 ming gektarni lazerli tekislash belgilangan. Bu texnologiyalar hisobiga har yili 5 milliard kub metr suvni tejash maqsad qilingan.
Milliy dasturdagi suvga munosabatni o‘zgartirish maqsadining yana bir muhim jihati shundaki, suv tejamkorligi endi faqat “suvni kam ishlatish” degani emas. U suvni aniq manzilga, aniq me’yorda va aniq vaqtda yetkazish madaniyatini ham ifoda etadi. Masalan, tomchilatib sug‘orishda suv o‘simlik ildiziga yaqin yetkaziladi. Yomg‘irlatib sug‘orish suv taqsimotini boshqa usulda tashkil etadi. Lazerli tekislash esa maydon bo‘ylab suvning bir tekis tarqalishiga yordam beradi. Demak, zamonaviy agrotexnologiya suvning tabiiy xususiyatini emas, insonning undan foydalanish madaniyatini o‘zgartiradi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, suv tejovchi texnologiyalar texnik vositadan ko‘ra kattaroq tushuncha. Ular suv xo‘jaligida kreativ yondashuvni talab etadi.
Suvni tejash masalasida ekologik manfaat birinchi o‘rinda turadi. Ammo iqtisodiy samara ham juda muhim. Statistik ma’lumotlar suv tejovchi texnologiyalar suv resurslarini 45-50, yonilg‘i-moylash materiallari va mineral o‘g‘itlar xarajatini 25-35 foizgacha kamaytirishi, hosildorlikni esa 15-20 foizgacha oshirishi mumkinligini qayd etmoqda. Albatta, samara muayyan ekin, hudud, texnologiya va uning to‘g‘ri ekspluatatsiya qilinishiga qarab farq qiladi. Lekin umumiy mantiq aniq: resursni tejash — ish samaradorligini oshirish. Shu bois, davlat tomonidan moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarining kuchaytirilayotgani ham ijobiy natijalar bermoqda. 2026 yilda suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish uchun tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m kredit va 800 milliard so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan. Bu yerda muhim vazifa mablag‘ni ajratishning o‘zi emas, uning samaradorligini ta’minlash ekani alohida ahamiyatga ega.
Suvga munosabatni o‘zgartirish masalasida yana bir muhim nuqta bor: suv tejamkorligi faqat mirob yoki fermer zimmasidagi vazifa emas. Shaharlardagi kommunal tizimlar, sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish sohasi va xonadonlar ham suvdan samarali foydalanish madaniyatiga o‘tishi kerak. Boisi, suvni tejash har bir insonning kundalik hayotida shakllangan ekologik madaniyatdan boshlanadi. Suv oqib turgan jo‘mrak, nosoz quvur, nazoratsiz sug‘orilayotgan tomorqa, ichimlik suvdan boshqa maqsadda samarasiz foydalanish — bularning har biri alohida qaralganda kichik muammodek ko‘rinadi. Ammo millionlab iste’molchilar miqyosida ular ulkan resurs yo‘qotishlariga aylanadi.
Shu sababli ekologik islohotlarning eng muhim natijasi texnologiyaning o‘zi emas, balki suvga munosabatning o‘zgarishi bo‘ladi.
Asrlarga tatigulik umummilliy harakat
Tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish — to‘rtinchi milliy dasturning asosiy o‘zagi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni yo‘nalish bo‘yicha belgilangan keng ko‘lamli chora-tadbirlar esa ekologik barqarorlikni ta’minlash, kelajak avlodga barqaror ekologik meros qoldirishimizga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Masalan, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi eng muhim va keng qamrov kasb etayotgan tashabbuslardan biri, shubhasiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasidir. Ushbu loyiha shunchaki daraxt ekish kampaniyasi emas, balki millatning tabiatga munosabatini tubdan o‘zgartiruvchi, milliy ekologik madaniyatni shakllantiruvchi tarixiy harakatga aylandi.
Loyiha doirasida mamlakatimiz bo‘ylab har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatini ekish maqsad qilingan. Bu orqali shahar va qishloqlarimizning ekologik qiyofasi butkul yangilanmoqda. 2026-yil 1-apreldagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan davrda 2000 gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parki, 47 ta massivda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo etildi. Tog‘, cho‘l va adirlarda 256 ming gektar o‘rmon tashkil qilindi.
Bu ishlar natijasida mamlakatimiz bo‘ylab bir milliarddan ortiq daraxt va buta ekishga erishildi. 2025 yil yakuniga kelib, yashil qoplama ulushi 2020 yildagi 8 foizdan 14,3 foizga yetkazildi.
Oldimizda turgan vazifa esa yanada katta: 2030 yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish. Bu raqamlar “Yashil makon”ning ko‘lami oddiy mavsumiy tadbirdan milliy ekologik siyosat darajasiga ko‘tarilgani ifodasidir.
“Yashil makon” loyihasining aholi farovonligiga ta’siri quyidagilarda namoyon bo‘lmoqda.
Birinchidan, mikroiqlimning yaxshilanishi: shaharlarda yashil hududlarning kengayishi yozning jazirama issig‘ida aholi uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, global isish sharoitida muhim ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, atmosferaning tozalanishi: daraxt va o‘simliklar havodagi ayrim ifloslantiruvchi moddalarni ushlab qolish va uglerodni yutish jarayonida katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun shaharlarda yashil hududlarni kengaytirish aholi salomatligi va hayot sifati uchun muhim ekologik chora hisoblanadi.
Uchinchidan, estetik va ruhiy salomatlik: obod va ko‘kalamzor mahallalar, park va xiyobonlar inson uchun qulay yashash muhitini shakllantiradi, dam olish va jamoat hayoti uchun imkoniyatlarni kengaytiradi.
Shu ma’noda, “Yashil makon”ga iqtisodiy jarayondan uzoq bo‘lgan ekologik kampaniya sifatida emas, balki aholi yashash sifati, shahar infratuzilmasi va hududlarning jozibadorligini oshiradigan uzoq muddatli investitsiya sifatida qarash kerak.
Prezidentimiz ushbu harakatni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlarni jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilish, yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazish vazifalarini belgilab berdi. Bu yerda eng muhim masala mazkur faoliyatning sifatli tashkil etilishidir. Sababi, ko‘chat ekish ishning boshlanishi, xolos. Asosiy vazifa — ularni yetarlicha parvarish qilish, agrotexnik tadbirlar o‘tkazish.
Bu yondashuvning amaliy ma’nosi shundaki, yangi qurilish rejalashtirilayotganda yashil maydon keyin o‘ylanadigan masala emas, balki loyihaning dastlabki elementi bo‘lishi kerak. Zamonaviy shahar — faqat binolar yig‘indisi emas. U — uylar, yo‘llar, transport, suv, havo, yashil hududlar, piyodalar maydonlari va ijtimoiy infratuzilmaning yagona tizimi.
Shaharlarda yashillik darajasini 30 foizga yetkazish vazifasi O‘zbekistonning urbanizatsiya jarayoni uchun alohida ahamiyatga ega. Hozir oldimizda “Yashil makon” va “Toza havo” dasturlari doirasida shaharlarda yashillik darajasini 2030 yilgacha 30 foizga yetkazish vazifasi turibdi. Shahar qanchalik zichlashsa, yashil infratuzilmaning ahamiyati ham shunchalik ortadi. Yashil maydonlar aholi dam oladigan makon vazifasini bajaradi. Park va xiyobonlar shaharning ijtimoiy hayotini boyitadi. Yashil hududlar shahar muhitining tabiiy qismlaridan biriga aylanadi. “Yashil makon” umummilliy loyihasining yangi bosqichi son bilan birga ekologik rejalashtirish madaniyatini ham talab qiladi.
“Yashil” va musaffo hayot
Suv va yashillik bir-biridan ajralmas ikki tushuncha. Bu ikki yo‘nalishni alohida qarash to‘g‘ri emas. Yashillashtirishning o‘zi ham suv tejamkorligiga qat’iy rioya qilish bilan bo‘lishi zarur. Kelajakda shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish siyosatida aynan shu masala yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, suv siyosati va shahar ekologik siyosati bir-birini to‘ldirishi kerak.
Bugungi zamonaviy dunyoda ekologik samaradorlik iqtisodiy samaradorlikning bir qismiga aylanmoqda. Shu bois, ekologik islohotlar kelajakda yangi iqtisodiy tarmoqlarning o‘sishiga ham turtki berishi shubhasiz. Bu jarayonda eng katta vazifa — “yashil iqtisodiyot”ni faqat davlat mablag‘lari hisobiga emas, xususiy sektor, banklar, investorlar, ilmiy ¬muassasalar va fuqarolik jamiyati ishtirokida rivojlantirishdir.
Ekologik siyosatda raqamlashtirishning ahamiyati ham ortib boradi. Shuning uchun suv hisobini raqamlashtirish, “aqlli” hisoblagichlar, monitoring tizimlari va raqamli ma’lumotlar bazasi ekologik boshqaruvning muhim qismiga aylanadi. 2026 yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish doirasida raqamli hisob va zamonaviy o‘lchash vositalaridan foydalanishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Bu yerda oddiy, ammo muhim qoida bor: o‘lchanmagan resursni samarali boshqarish qiyin. Suv hisoblansa, uning qiymati ko‘rinadi. Daraxt hisobga olinsa, uning himoyasi kuchayadi. Ekologik holat monitoring qilinsa, qaror qabul qilish sifati oshadi.
Ekologik madaniyatni yuksaltirish belgilangan islohotlarning eng murakkab bosqichidir. Qabul qilinayotgan qonunlar, yirik dasturlar tuzish, mablag‘ ajratish, texnologiya sotib olish — bularning barchasi bir qadar oson bo‘lishi mumkin. Ammo insonning tabiatga munosabatini bir qaror bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Buning uchun yillar davomida tizimli faoliyat talab etiladi. Ekologik madaniyatni shakllantirish bolalikdan, oiladayoq boshlanishi har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.
Maktabda bolaga suvning qadrini o‘rgatish, daraxt ekish bilan birga uni parvarish qilish mas’uliyatini ham tushuntirish lozim. Mahallada yashil hududni umumiy boylik sifatida qabul qilish madaniyatini shakllantirish zarur. Korxonada suv va energiyani tejash ishlab chiqarish intizomining bir qismiga aylanishi kerak. Fermer uchun suv — limit yoki kvota emas, avvalo, iqtisodiy qiymatga ega resurs ekanini anglash muhim. Shundagina ekologik siyosat ma’muriy vazifalar yig‘indisidan umummilliy jamiyat madaniyatiga aylanadi.
Farovon yashashning mezonlari ko‘p. Farovonlik ko‘rsatkichlari ham har turli o‘lchamlarda bor. Biroq hozirgi juda tez o‘zgarayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy beqaror vaziyat hukm surayotgan dunyoda aholi farovonligiga erishishning yangidan yangi talab va mezonlari paydo bo‘lyapti. Tabiat bilan uyg‘un holda yashashga o‘tish, qayta tiklanuvchi resurslardan foydalanish, umuman, “yashil” va musaffo hayot global dunyoning asosiy talabiga aylanmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning ijobiy samarasi ko‘payib borayotgan yashil hududlarda, tejalayotgan suv va energiya resurs¬larida, zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgan ishlab chiqarish korxonalarida namoyon bo‘lmoqda. Eng muhimi, bu jarayon inson uchun munosib va xavfsiz hayot sharoitini yaratishga xizmat qilishi kerak. Kelgusi besh yillikda aholi uchun toza havo, sifatli suv, yashil hududlar, barqaror energiya ta’minoti va munosib ish o‘rinlari mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishning bosh mezoni sifatida qo‘yilayotgani esa tom ma’nodagi “yashil” taraqqiyot ko‘rsatkichidir.
Ishonchim komil, barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, ona tabiatimizni asrash, ekologik madaniyatni yuksaltirish va Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan “yashil” taraqqiyot yo‘lida fidokorona mehnat qilsak, yangi O‘zbekiston dunyodagi iqtisodiy qudratli va ekologik barqaror davlatlardan biriga aylanadi. Zero, tabiatni asrash bu — Vatanni asrash, millat kelajagini ta’minlash demakdir.
Abdushukur HAMZAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiya rahbari