Bu haqda viloyat sudi axborot xizmati xabar tarqatdi.
Ish hujjatlariga koʻra, 2023-yil 29-may kuni soat 10:20 larda Shahrisabz shahar IIB YHXB maʼmuriy binosi oldida oq rangli davlat raqam belgisi yechilgan holda barcha oynalari toʻliq qoraytirilgan “Jentra” rusumli avtomashina turganligini koʻrgan Shahrisabz shahar IIB YHXB boshligʻi F. Yangiboyev ushbu avtomashinadan shubhalanib, hujjatlarini tekshirish va ushbu avtomashinani kimga tegishli ekanligini aniqlash uchun borganida, ushbu avtomashina oldida turgan A. Abdullayev avtomashina unga tegishli ekanligini maʼlum qilib, oʻzining fuqarolik pasportini taqdim qilib, avtomashinaga tegishli hujjatlarni esa taqdim qilmasdan, “xohlasang oʻzing topib ol” deb qoʻpollik qilgan. Shunda Shahrisabz shahar IIB YHXB F. Yangiboyev va YPX inspektorlari M. Karimov, S. Pirmanov va D. Ashurov bilan birga ushbu avtomashinani kimga tegishli ekanligini aniqlash va sodir qilgan qoidabuzarligi uchun jarima maydoniga joylashtirmoqchi boʻlganida, haydovchi A. Abdullayevning yonida turgan fuqarolar M. Muzaffarov va U. Karimov IIB xodimlariga nisbatan qoʻpollik qilib, ularga hurmatsizlik va bepisandlik qilib, ularga sensirab murojaat qilib, janjal qila boshlagan.
Shundan soʻng Shahrisabz shahar IIB YHXB F. Yangiboyev darhol Shahrisabz shahar IIBga qoʻngʻiroq qilib, vaziyatni tushuntirib, yordamchi kuch yuborishni soʻragan. Shahrisabz shahar IIB binosi va Shahrisabz shahar IIB YHXB binosi yonma-yon joylashganligi uchun zudlik bilan Shahrisabz shahar IIB boshligʻining oʻrinbosari J. Raupov voqea joyiga yetib kelib, A. Abdullayev bilan suhbatlashib, undan “ushbu avtomashinaning egasi sizmi?» deb soʻraganida, A. Abdullayev IIB boshligʻining oʻrinbosari J. Raupovga nisbatan ham koʻpchilik fuqarolar oldida “sen kimsan?» deb qoʻpol munosabatda boʻlib gaplasha boshlagan. Shunda A. Abdullayevning yonida turgan M. Muzaffarov va U.Karimov ularning suhbatiga aralashib, ular ham IIB boshligʻining oʻrinbosari J. Raupov va boshqa xodimlar bilan oʻta qoʻpol munosabatda boʻlib, “senlar gala vallomatlar jonga tegib ketdinglar, yashab boʻlmay qoldi” deb, atrofga koʻplab odamlarni toʻplanishiga va fuqarolar oldida IIB xodimlarini obroʻsizlantirganlar.
IIB boshligʻining oʻrinbosari J. Raupov M. Muzaffarov va U. Karimov “oʻzingizni bosing, qizishmang” deb aytishiga qaramasdan, M. Muzaffarov va U. Karimov IIB binosi oldida baqir-chaqir qilib, “senlar shoshmay tur, har biring bilan gaplashamiz hali” deb, koʻpchilik fuqarolarning oldida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, baqir-chaqir qilib, mayda bezorilik qilganlar.
Shundan soʻng shu yerda turgan yana bir oq rangli “Jentra” rusumli, davlat raqam belgisi yechib olingan, barcha oynalarining tusi oʻzgartirilib qoraytirilgan avtomashina turganligi aniqlanib, surishtiruv jarayonida ushbu avtomashina M. Muzaffarovga tegishli davlat raqam belgisi 70 W 102 WA avtomashina ekanligi, avtomashinaning barcha oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz oʻzgartirilib qoraytirilganligi, davlat raqam belgisi oʻzboshimchalik bilan yechib olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida A. Abdullayevga tegishli oq rangli, “Jentra” rusumli, davlat raqami 70 U 102 UA boʻlgan avtomashinaning barcha oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz oʻzgartirilib qoraytirilganligi, tegishli ruxsatnomasiz qayta jihoz oʻrnatilganligi, davlat raqam belgisi oʻzboshimchalik bilan yechib olinganligi, tegishli ruxsat olmay turib transport vositasiga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilma oʻrnatganligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Shahrisabz shahar sudining 2023-yil 29-maydagi qaroriga koʻra:
A. Abdullayev MJtK 125-moddasi (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 3-qismi, 5-qismi, 126-moddasi (koʻzgusimon va (yoki) tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish) 1-qismi, 127-moddasi (transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni oʻrnatish qoidalarini buzish) 2-qismi, 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga MJtKning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanish) tartibida 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi;
U. Karimov MJtK 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi;
M. Muzaffarov 125-moddasi 5-qismi, 126-moddasi 1-qismi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga MJtKning 34-moddasi tartibida 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi maʼlum qilinadi.