Mazkur murakkab jarrohlik amaliyoti Moskva shahrida joylashgan A.L. Myasnikov nomidagi kardiologiya markazi professori Timur Imayev hamda filial direktori, malakali jarroh Nabijon Yuldashev boshchiligidagi mahalliy shifokorlar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi.

Xususan, oʻtkazilgan endovaskulyar aortal qopqoq almashtirish operatsiyasidan soʻng Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani Gʻardiyan qishlogʻida yashovchi 77 yoshli Sulaymon ota Eshboyev bir necha yillik ogʻir darddan xalos boʻldi. Hozir bemorning ahvoli yaxshi.

— Uzoq yillardan beri yuragimda qattiq ogʻriq sezardim, — deydi S. Eshboyev. — Buning ustiga, keyingi paytlarda boshim aylanib, hushimdan ketadigan boʻlib qoldim. Holsizlik, yuqori qon bosimi ham ancha holdan toydirdi. Shukr, qoʻli yengil shifokorlarning koʻmagi bilan ana shu dardlardan xalos boʻldim...

Malakali jarroh Nabijon Yuldashevning taʼkidlashicha, ushbu amaliyot oʻta murakkab boʻlib, katta travmatik jarrohlik usullaridan foydalanmasdan, maxsus kateter (yetkazib berish tizimi) yordamida son arteriyasi orqali, ishlab turgan yurakda aorta qopqogʻi bioprotezini implantatsiya qilishni oʻz ichiga oladi.

Quvonarlisi, soʻnggi yillarda tibbiyotimizdagi ijobiy oʻzgarishlar natijasida bu kabi noyob operatsiyalar nafaqat poytaxtimiz, balki olis hududlarda ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda.

Jumladan, Qarshi shahrida yashovchi yurak tugʻma nuqsoni xastaligiga chalingan 30 yoshli Shahzod Isayev ham shifokorlarimiz tomonidan bajarilgan ana shunday noyob operatsiyadan soʻng yana hayotga qaytdi. Ayni paytda bemorning ahvoli qoniqarli. U ham shifokorlar nazoratida davo muolajalarini davom ettiryapti.

— Yosh boʻlsamda, qon bosimim koʻtarilib, boshim qattiq ogʻrirdi, — deydi Sh. Isayev. — Keyinchalik koʻngil aynishi, holsizlik va yuragimda ogʻriqlar bezovta qila boshladi. Shifokorlar tavsiyasi bilan bir necha bor muolaja oldim, biroq foydasi boʻlmadi. Shu sababli ushbu markazga murojaat qildim. Hozirda ahvolim kundan-kunga yaxshilanib boryapti. Nasib boʻlsa, tez kunda yaqinlarim bagʻriga qaytaman.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, oʻtgan 2021-yilda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida jami 3 033 ta ochiq va yopiq turdagi yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.