Viloyatda aholi soni tobora koʻpaymoqda. Hozirda bu raqam 3,3 mlndan oshgan. Maʼlumotlarga koʻra, jami aholining uchdan ikki qismidan koʻprogʻi mobil (faol, harakatchan) qatlam sirasiga kiradi. Yaʼni ushbu toifa u yoki bu transport turidan doimiy foydalanadi. Ishga, oʻqishga, bozor-uchar, biror yumush bilan koʻchaga chiqadigan koʻp.
Salmoq ortishi sayin vohada jamoat transportiga ehtiyoj ham tabiiy ravishda oshmoqda. Oʻz navbatida mazkur holat sohada qator oʻzgarishlar qilishni taqozo etmoqda.
Ayni vaqtda viloyatda jamoat transporti bilan bogʻliq haqiqiy ahvol qanday?! Bu savolga javob berishdan avval jamoat transporti imkoniyatini baholash kerak.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyati jamoat transportida avtobus yoʻnalishi, yoʻnalishli taksi va yoʻnalishsiz taksi asosiy oʻrin tutadi. Hisob-kitoblarga koʻra, ijtimoiy faol aholining 45 foizi ulardan muntazam foydalanmoqda.
Yoʻlovchi tashishda qulay va nisbatan xavfsiz transport vositasi sifatida avtobus koʻriladi. Viloyatda hozirgi vaqtda jami 101 ta avtobus yoʻnalishi mavjud. Ularda 370 dan ortiq avtobus harakatlanmoqda. Mobil aholi qatlamining 12 foizi asosan avtobuslarda tashilmoqda. Kuniga bu koʻrsatkich 108,7 ming kishini tashkil etayapti. Yoʻlovchilarning 20 foizi yoʻnalishli (Damas), 13 foizi esa yoʻnalishsiz taksiga murojaat qilmoqda.
Qayd etish kerak, bugun viloyatda jamoat transporti kirib bormagan hudud deyarli yoʻq. Avtobus qatnovi tashkil etilmagan joylarda esa yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksi aholiga xizmat koʻrsatayapti.
Albatta, yoʻnalish tashkil etishda ijtimoiy soha obyektlari joylashuvi alohida eʼtiborga olingan. Aholi tez-tez ishi tushadigan tibbiyot va taʼlim muassasalari transport bilan qamrab olingan. Misol uchun viloyatda 1100 dan ortiq maktab, 1200 dan ortiq maktabgacha taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, ularga borish uchun aholining jamoat transporti u yoki bu turidan foydalanish imkoniyati taʼminlangan.
Asosiysi, kelgusida jamoat transporti qamrovini yanada oshirish, tadbirkorlarni jalb qilib, zamonaviy avtobus va mikroavtobus olib kelish boʻyicha zarur ishlar olib borilayapti.