Qashqadaryoda mahalla bankirlari uchun “Team building” oʻtkazildi

    Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida Markaziy bank bilan hamkorlikda “Turonbank” ATB Mahalla bankirlari va yordamchi agentlari uchun “Mahalla kuchi — jamoa birligi” shiori ostida “Team building” tadbiri tashkil etildi.

    Joriy yilning 2-iyul kuni “Miraki” turistik maskanida boʻlib oʻtgan ushbu uchrashuvda 36 nafar faol xodim qatnashdi. Unda jamoaviy ruhni mustahkamlash, tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Tadbirning tantanali ochilish marosimida Markaziy bank va Turonbank rahbariyati vakillari ishtirok etib, mahalla bankirlari faoliyatining ahamiyati, ularning fuqarolar hayotiga kiritayotgan ijobiy taʼsiri haqida soʻz yuritdi.

    Markaziy bank vakillari bilan oʻtgan muloqot davomida esa ishtirokchilar mahallalardagi aholining gʻoyalarini amalga oshirish boʻyicha yangicha fikrlash orqali oʻzlarining kreativ tashabbuslari bilan boʻlishdi.

    Tadbir yakunida har bir ishtirokchi sertifikat bilan taqdirlandi. Xususan, eng faol va tashabbuskor Mahalla bankirlari hamda yordamchi agentlariga “Eng ilhomlantiruvchi bankir”, “Eng ijtimoiy faol agent” va “Eng yaxshi mikroloyiha tashabbuskori” kabi nominatsiyalar boʻyicha sovrinlar topshirildi.

    Shuningdek, barcha ishtirokchilar bu kabi uchrashuvlar nafaqat jamoa orasida motivatsiyani oshirishi, balki oʻzaro ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlashini taʼkidladi.

    Hamkorlik materiali.