Qashqadaryoda maktab oʻquvchisining unashtiruvi boʻlgani yuzasidan maʼlumot berildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryoda maktab oʻquvchisining unashtiruv marosimi oʻtkazilmoqda” sarlavhasi ostida xabar tarqaldi.

    Mazkur holat Bolalar ombudsmani tomonidan Ichki ishlar organlari bilan birgalikda oʻrganildi.

    Aniqlanishicha, bu unashtiruv marosimi Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani Tuxmor qishlogʻida yashovchi, 2003-yilda tugʻilgan (voyaga yetgan) B.G.ga tegishli boʻlib, qizning oʻzi tushuntirish berishicha, marosim uning xohishiga zid boʻlmagan holda oʻtkazilgan.

    Shu bilan birga, Bolalar ombudsmani respublikamizning mazkur hududida qizlarni erta turmushga uzatish urf-odati hali ham saqlanib qolayotganiga urgʻu berib, qizlarning maktabdan keyin taʼlim olishi uchun imkoniyatlarni yanada manzilli ravishda kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilishi va bu borada mutassadilar tizimli choralar koʻrib borishi zarurligini taʼkidlaydi.