Mobil ilovalar prototiplarining asosiy yo'nalishi sifatida tibbiyot, ta'lim, energetika, qishloq xo'jaligi, qurilish, ijtimoiy himoya va jamiyat bandligini ta'minlash belgilandi. Mobil ilovalar tanloviga 60 dan ortiq ariza topshirildi, ularning 16 tasi yakuniy bosqichga o'tishga muvaffaq bo'ldi. Tanlov yakunida“Umid”, “CWC” va “Edu Manager” dasturlarini ishlab chiqqan 3 nafar g'olib aniqlandi.

“Fractall” g'olib jamoasining “Umid” mobil ilovasi o'zbek tili og'zaki nutqini yozma matn shaklida va imo-ishoralar tiliga tarjima qilish bo'yicha innovatsion tizimdir. Ushbu loyiha nogiron insonlar bilan muloqot qilish jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradi va ularga imo-ishoralar tiliga tarjima qilish mumkin bo'lmagan joylarda og'zaki o'zbek nutqini erkin tushunish imkonini yaratadi.

“CWC Logistics” jamoasi “CWC” deb nomlangan ilovani taqdim etdi. Ushbu ixtiro logistika kompaniyalari dispetcherlarini yuk mashinalari haydovchilari bilan erkin bog'lanishga imkon beruvchi kuzatuv tizimi asosida ishlaydi, bu esa har bir bosqichda tovarlar joylashuvini etkazib berish nuqtasiga qadar kuzatish imkonini beradi.

Yana bir mukofot o'rnini “Edu Manager” dasturi prototipi bilan Dozolab jamoasi qo'lga kiritdi. Bu ijtimoiy tarmoq platformasi hisoblanadi. Foydalanuvchilar maktab dasturlari va oliy o'quv yurtlarining turli mavzularida o'z bilimlarini baham ko'rishi, o'z ishlarini ommaga ulashishi va tadqiqotlarini nashr etishi mumkin.

Barcha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etildi. Bunday tanlovlarni o'tkazish aholining axborot texnologiyalari to'g'risida xabardorligini oshirish va iqtidorli yoshlarni innovasion g'oyalarini qo'llab-quvvatlashda muhim sanaladi.