Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida yashovchi shaxs oʻzini hududiy profilaktika inspektori deb tanishtirib, fuqaroga uning ustidan ariza tushganligi, qoʻlida turli foto va videotasvirlar borligini aytib, boʻlimga chaqirgan.

Ayol borolmasligini maʼlum qilgan, oʻzini profilaktika inspektori deb tanishtirgan shaxs esa ayoldan ishni hal qilib berishi uchun 500 dollar talab qilgan. Uning soʻzlariga ishongan ayol shaxsiy maʼlumotlari oshkor boʻlmasligi uchun soxta profilaktika inspektori talab qilgan pullarni uning plastik kartasiga tashlab beradi.

Shundan soʻng soxta profilaktika inspektori fuqarodan ushbu ishni batamom yopish uchun yana 1,5 mln soʻm talab qilib, pulni olayotgan vaqtda huquq tartibot organlari tomonidan ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (tovlamachilik bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.