Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Yashnobod mahallasi hududiga Oʼzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qoʼngʼir ayiq tushib kelgani haqida xabar berilgan edi.
Kecha, 5-aprel kuni taxminan soat 23:00 larda ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil boʼlgan gʼor ichiga kirib olgan.
Birozdan soʼng bu yerda mahalliy aholi toʼplangan. Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan oʼz vaqtida tegishli chora-tadbirlar koʼrilmagani bois ayiq bezovtalanib, jarlikdan tepaga chiqishga uringan. Chiroqchi tumani IIB boshligʼi A. B. atrofga yigʼilgan aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida ovchi D.A. ga ayiqqa oʼq uzishga koʼrsatma bergan. Natijada ayiqning joni uzilgan.
Toshkent hayvonot bogʼi vakillari hodisa joyiga yetib borganida ayiq nobud boʼlgan edi.
Tabiat resurslari vazirligining yozishicha, mazkur holat oʼrganilishi davom etmoqda. Masʼuliyatsizlikka yoʼl qoʼygan va buning oqibatida qoʼngʼir ayiqning oʼlimiga sabab boʼlgan masʼullarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralari koʼriladi.
Taʼkidlash joizki, ayiqning terisi shilib olingani haqidagi foto va xabar haqiqatga zid. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratning Chiroqchi tumanidagi voqeaga aloqasi yoʼq. Ayni damda ushbu holat yuzasidan ham oʼrganish ishlari olib borilmoqda.