Qashqadaryoda soliq idorasi mansabdori pora bilan ushlandi

    Ular 360 mln soʻmlik soliq qarzdorligi sabab qoʻyilgan taqiqni olib tashlash evaziga 4 ming dollar talab qilgan.

    Qayd etilishicha, Qamashi tumanida yashovchi, 1981-y.t. muqaddam sudlangan shaxs 360 mln soʻmlik soliq qarzdorligini toʻlamaganligi sababli Iqtisodiy sud tomonidan bankrot deb topilgan gʻisht ishlab chiqaruvchi MCHJning soliq qarzdorligini toʻliq toʻlamasdan, zavodga nisbatan qoʻyilgan taqiqni oʻzining mansabdor tanishlari orqali bekor qildirib, uning faoliyatini tiklab berish evaziga MCHJ rahbaridan 4000 AQSH dollari talab qiladi.

    DXXning Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda IJQKD hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur fuqaro oldindan 3000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu noqonuniy ishga aloqador boʻlgan Qamashi tuman soliq inspeksiyasi boshligʻining oʻrinbosari ham 3000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda holat yuzasidan ikki qonunbuzarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.