Holat yuzasidan Soliq qoʻmitasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Koʻkdala tumani soliq inspeksiyasining xodimlari 2024-yil 12-avgust kuni tumandagi “Xondamir farovonlik fayzi” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasida taomlanishgan va toʻlovni qarz sifatida yozdirib ketib, 14-avgust kuni qarz toʻlangan.
“Xondamir farovonlik fayzi” MCHJning budjetdan 8 272 730 soʻm soliq qarzi mavjudligi sababli soliq inspeksiyasi xodimlari Q.Normurodov va A.Mamatovlar 2024-yil 8-avgustdagi 713148-son qaror asosida 19- avgustda mol-mulk xatloviga borganida, jamiyat ish yurituvchisi A.Yangiboyev tomonidan qarshilik koʻrsatilgan.
Shundan soʻng, soliq xodimlari ushbu holat yuzasidan qonuniy chora koʻrish uchun huquqni himoya qilish organlariga tegishli hujjatlarni taqdim etgan. Jinoyat ishlari boʻyicha Koʻkdala tumani sudi tomonidan jamiyat ish yurituvchisi A.Yangiboyevga 6 sutka maʼmuriy qamoq jazo chorasi tayinlangan. Ushbu qarordan norozi boʻlgan fuqaro A.Yangiboyevning arizasiga asosan apellyatsiya shikoyatidan soʻng jazo chorasi 3 sutkaga kamaytirilgan.
Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.