Viloyat rahbarining taʼkidlashicha, keyingi yilda Qashqadaryoni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish maqsadida bir qator yirik loyihalar amalga oshiriladi.
Jumladan,
Qamashi tumanida jahonda sanoqli va noyob boʻlgan «Maydanak» observatoriyasi hamda XIV asr yodgorligi hisoblangan “Langar ota” masjidi butun dunyodan turistlarni jalb qilish maqsadida ushbu obyektlarga olib boruvchi 38 kilometr yoʻl taʼmirlanadi hamda uy mehmonxonalari va restoranlar tashkil etiladi.
Ushbu manzildan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan kenglik stansiyasi hududida turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar amalga oshiriladi. Buning uchun ushbu hududga olib boradigan yoʻllarni toʻliq taʼmirlashga respublika byudjetidan 40 mlrd. soʻm mablagʻ ajratiladi
Shahrisabz tumani “Miraki”, “Suvtushar”, “Koʻl”, “Gʻyelon” qishloqlari, Kitob tumani “Bashir”, “Qaynar” va “Varganza” qishloqlari, Yakkabogʻ tumani “Tatar” va Mirishkor tumani “Jeynov”da turizm qishlogʻi va ushbu hududda zamonaviy talablarga javob beradigan turistik loyihalar amalga oshiriladi.
Bu maqsadlarga, yoʻl infratuzilmasini qurish va yuqori tezlikdagi internet tarmogʻini tortish uchun byudjetdan 60 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Sohibqiron Amir Temur tugʻilgan Yakkabogʻ tumani Xoʻja Ilgʻor qishlogʻi sayyohlarni jalb etish maqsadida obodonlashtiriladi.
Viloyatdagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarda ziyoratchi turistlarga xizmat koʻrsatuvchi “Halol turizm markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi hamda ziyoratgohlar hududida targʻibot - tashviqot forumlari, diniy musobaqalar va ziyorat festivallari tashkil qilinadi.
214 ta uy mehmonxonasi va 9 ta xostellar tashkil qilinadi.
Natijada mahalliy sayyohlar soni 1 mln 250 ming nafarga, xorijiy sayyohlar soni 200 ming nafarga, mehmonxonalar soni 50 taga, turoperator va turagentlar soni 20 taga yetkaziladi.