Xalq deputatlari Yakkabogʻ tumani Kengashi oʻz qarori bilan tuman obodonlashtirish boshqarmasi balansida boʻlgan 1,5 gektar yer maydonida "Vazirlik bogʻi" yaratishga ruxsat berdi. Unda 500 million soʻm mablagʻ hisobidan 1,5 ming dona daraxt koʻchati ekilib, suv qudugʻi orqali sugʻorish tizimi joriy etiladi.

— Daraxt va boʻta koʻchatlarini ekish, parvarishlash, aholining sayr qilishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun yashil maydonlar va parklarni kengaytirish, boshqa koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi, — deyiladi Kengash qarorida. — Bundan tashqari, investitsion faollik surʼatlarining oshishi, sanoat, ishlab chiqarish, qurilish va bunyodkorlik koʻlamining keskin kengayishi aholi punktlariga tushayotgan ekologik yuklamani kamaytirish mexanizmlarini takomillashtirishni  taqozo etmoqda.

Demak, yaqin orada Yakkabogʻ tumanida oʻziga xos yashillikka burkangan maskan paydo boʻladi. Bu nafaqat ekologiyaga oʻz taʼsirini oʻtkazadi, balki hududga oʻzgacha chiroy baxsh etadi.