Ushbu mavzu bir necha bor ommaviy axborot vositalarida ham yoritildi. Qashqadaryo viloyati rahbari tashabbusi bilan muammoga eʼtibor qaratildi. Endi hududda “Chaman” turizm kompleksi qad rostlaydi.
Bu haqda kuni kecha viloyat hokimi Zoyir Mirzayev hududda masʼullar ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda maʼlum qildi.
– Milliyligimizdagi zamonaviylikni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirsak, turizm rivojiga katta hissa qoʻshgan boʻlamiz, – dedi viloyat hokimi. – Hech bir koʻrinish yoki bino bir-birini takrorlamasin. Eʼlon beringlar, tadbirkorlar oʻz loyiha va tashabbusini taqdim etsin.
Turizm qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi boʻlim boshligʻi Sh.Xidirovaning maʼlum qilishicha, “Chaman” turizm kompleksida kemping hududi, restoran, baliqchilar uchun joy, sport maydonchalari barpo etiladi.
Bundan tashqari, koʻrkam bogʻda ochiq tabiatda daraxtzor orasida rasmga tushish, oʻrindiqlarda dam olib kitob oʻqish, ochiq osmon ostidagi kinoteatrda filmlar tomosha qilish mumkin.
Shuningdek, 200 oʻrinli choʻmilish hududi, qum ustida voleybol va futbol maydonlari quriladi. Ushbu koʻrkam goʻshadan muzqaymoq va yaxna ichimliklar sotadigan shoxobcha va sunʼiy togʻ sharsharasi ham joy oladi.
Mazkur loyiha uchun 9,95 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, 2021-yilning 2-choragida ishga tushirilishi moʻljallanmoqda. Xullas yaqin kelajakda xarobaga aylangan ushbu manzilda mahalliy hamda xorijlik turistlar bilan gavjum xushmanzara manzilgoh barpo etiladi. Bu viloyat turizm salohiyatini oshirish barobarida iqtisodiyotining yuksalishiga xizmat qiladi.