Ayniqsa, axborot shakllari shiddat bilan yangilanayotgan hozirgi davrda bosma matbuotning mas’uliyati va voqelikka kreativ yondashuv mezonlari har qachongidan ham muhimroq ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, Qarshi davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari doirasida o‘tkazilgan uchrashuv hamda “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobining taqdimoti “rasmiy tadbir” halqasidan chiqib, ziyolilar, pedagoglar va talaba-yoshlarni bir joyga jamlagan platformaga aylandi. Mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlarini anglash, uning mohiyatini yetkazish masʼuliyatini yana bir bor kun tartibiga qo‘ydi.
Tadbirda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri Salim Doniyorov, bosh muharrir o‘rinbosari Abu Bakir O‘rozov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, professor Abdurahim Erkayev, Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombutsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova, Qarshi texnika universiteti prorektori, filologiya fanlari doktori Abror Murtazoyev, ijodkorlar hamda institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar milliy media makonimizda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Ayniqsa, tahririyatning zamonaviy talablarni to‘la o‘rganib, o‘zlashtirib faoliyat yuritishi e’tirof etildi. Jumladan, gazetalardagi maqolalarni tahririyatning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ham o‘qish imkoniyati bor. Bu yoshlar orasida ham bugungi siyosiy-ijtimoiy voqealar haqidagi tahliliy maqolalar bilan tanishib borish imkonini beradi.
— Matbaa nashrlar bir necha oʻn yillar davomida tarixan oʻz zimmasiga yuklatilgan muhim vazifani ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va ilmiy hayotga oid dolzarb axborotni hozirjavoblik bilan turli publitsistik shakllarda ommaga yetkazib, shu yoʻl bilan mushtariylarda hayot voqeliklariga nisbatan muayyan munosabat va tasavvur paydo boʻlishiga, siyosiy, iqtisodiy, axloqiy gʻoya va eʼtiqodlar shakllanishiga taʼsir koʻrsata borib, jamoatchilik fikrining mahsuli va ifodachisi boʻlib keldi, — deydi Abror Murtazoyev. — Nafaqat axborot vositasi, balki muayyan davrning voqea-hodisalari, yangiliklarini, rivojlanish silsilasini oʻz sahifalarida muhrlaydigan eng muhim tarixiy manba vazifasini ham oʻtadi. “Yangi O‘zbekiston” gazetasi oldida mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni keng yoritish, davlat siyosati va uning natijalarini aholiga tushunarli tarzda yetkazish, jamiyatdagi muhim masalalarni koʻtarish va muhokama maydonini yaratish kabi qator maqsadlar bor. Nashr nafaqat rasmiy axborot tarqatish, balki tahliliy jurnalistikani rivojlantirishni ham oʻziga vazifa qilib qoʻygan.
Tadbir doirasida “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobi taqdimoti ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov muallifligidagi ushbu asar mamlakatimiz kechirayotgan sharafli transformatsiya yo‘lini, xalqning orzu-intilishlari amaliy natijalarga qanday ko‘chayotganini publitsistik tahlillar asosida ochib beradi. Ma’ruzachilar kitobda ilgari surilgan xulosalar yosh avlodda fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash va mamlakatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirishda muhim manba bo‘lishini ta’kidladi.
— Tadbir doirasida taqdim qilingan “Yangi Oʻzbekiston orzusi” kitobi ayni davr oʻzgarishlarini, davlat siyosatining mohiyatini ommaga yaqinlashtirish maqsadida yozilgan. Unda yurtga muhabbat, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻulari oʻz ifodasini topgan, — deydi Abdurahim Erkayev. — Gazeta maqsadi ham shunday. Umuman, gazetadagi materiallar zamonaviy jurnalistikaning barcha janr va yo‘nalishlarida, ilg‘or texnologiyalarni faol qo‘llagan holda yoritilayotgani uning jozibadorligi, o‘qimishliligini yanada oshirmoqda. “Yangi O‘zbekiston” gazetasidagi ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, ta’lim, fan va innovatsiyalar, san’at va madaniyat, adabiyot, xalqaro hayotga doir rang-barang materiallar mavzu, mazmun, geografiya, yondashuv jihatdan betakror. Bu esa mazkur nashr tarkibida katta tajribaga ega bo‘lgan, ahil, hamfikr, o‘zaro birdam, yakdil ijodiy jamoa shakllanganidan darak beradi.
Samimiy va qizg‘in ruhda kechgan uchrashuv davomida yoshlar o‘rtasida viktorina o‘tkazildi. Faol ishtirok etib, savollarga to‘g‘ri javob berganlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.