Qashqadaryoda yil yakunigacha 900 xonadonli arzonlashtirilgan uy-joylar quriladi

    Qiymati 138 milliard 100 million so'm bo'lgan uy-joylarning 60 xonadonlilari Kasbi, Koson, Nishon va Muborak tumanlarida qurilsa, Mirishkor, Chiroqchi, Dehqonobod, Yakkabog', Qamashi tumanlarida 40 xonadonli uylar qad ko'taradi.

    Qarshi va Kitob tumanlarida 120 xonadonli, Shahrisabz tumanida esa 180 xonadonli uy-joylar quriladi, deyiladi Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati bergan xabarda.

    Mazkur uy-joylar Prezidentning 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga asosan qurib bitkazilmoqda.

    — Ko'pchilik yurtdoshlarimizda shunday uy-joylardan olish uchun nima qilish kerak degan savol tug'ilyapti, — deydi “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi viloyat filiali direktori Qo'yli Narzullayev. — Dasturdagi arzon uy-joylardan olish uchun fuqaro tuman hokimligi huzuridagi talabgorlarni aniqlash komissiyasiga ariza bilan murojaat qilib, hujjatlarini taqdim etishi kerak.

    Qo'yli Nazullayevning qo'shimcha qilishicha, 2021-yil yakuniga qadar aholi talabidan kelib chiqib, Shahrisabz tumanida yana 540 xonadonli 27 ta uy qurilishi ham rejalashtirilgan bo'lib, qurilish ishlari boshlanish arafasida turibdi.