«Alan» konida tabiiy gaz qazib chiqarilishini nazorat qilish toʻla avtomatlashtirilgan boʻlib, Siquv kompressor stansiyasini ishga qoʻshish ishlari aynan Dispetcherlik xizmatida amalga oshirildi.

Stansiyasining ochilish marosimida taʼkidlanishicha, kondagi qoldiq gaz zaxirasini (25 milliard kub/metr) maksimal darajada qazib olish maqsadida, ikkinchi siquv kompressor stansiyasini qurishga qaror qilingan. Loyiha bosh pudratchisi “ENTER Engineering” kompaniyasi tomonidan qisqa muddatda qiymati 75 million dollarlik texnologik obyekt qurib bitkazildi. Zamonaviy gaz-turbina uskunalari va kompressorlar Amerikaning “Baker Hughes General Electric”, Ukrainaning “Motorsich”, Turkiyaning “Akcelik”, Xitoyning “Denair Energy” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar tomonidan yetkazib berildi. Mazkur qurilma ishga tushirilishi natijasida kunlik qoʻshimcha 1,0 million kub/metr gaz qazib olish imkoni yaratildi.

“Alan” koni past bosimli siquv kompressor stansiyasi “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Natural Gaz-Stream” qoʻshma korxonasi, “ERIELL OILFIELD SERVICES MIDDLE EAST DMCC” kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilgan boʻlib umumiy qiymati 75,12 million dollarni tashkil etadi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Alan” siquv kompressor stansiyasi kunlik 9,137 million metr/kubgacha sanoat gazini utilizatsiya qilish qobiliyatiga ega boʻlib, “Alan” past bosimli 2-siquv kompressor stansiyasi (2-SKS) loyiha hujjatlari ishlab chiqildi va qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilib ishlab chiqarishga joriy etildi.

2021-yilda ushbu kondan 2,771 milliard kub/metr tabiiy gaz va 69,6 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan.

Konda olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida jami 234,9 milliard kub/metr tabiiy gaz hamda 8,964 million tonna gaz kondensati zaxiralari mavjudligi aniqlangan.

2021-yil yakuniga qadar “Alan” konida 14 ta yangi quduqlarni burgʻilab ishga tushirish va natijada qoʻshimcha 164,7 million kub/metr tabiiy gaz hamda 3,6 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish moʻljallanyapti.

Bundan tashqari, 36 ta quduqda kapital taʼmirlash va intensifkatsiya ishlarini bajarish orqali qoʻshimcha 63,7 million kub/metr tabiiy gaz va 1,2 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish rejalashtirilgan.

“Alan” past bosimli 2-siquv kompressor stansiyasining umumiy quvvati kunlik 4.569 million kub/metr boʻlgan 2 ta agregat orqali “Alan” koni past bosimli quduqlarining sanoat miqyosidagi tabiiy gazini bosimini koʻtarib “Alan” siquv kompressor stansiyasiga haydaydi.

“Alan” konida past bosimli 2-Siquv kompressor stansiyasi ishga tushirish orqali yiliga 3.3 milliard kub/metr tabiiy gaz bosimini oshirish natijasida, kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlarini 1 million kub/metr koʻpaytirishga erishiladi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.