Qashqadaryodagi ishsiz yoshlar neft va gaz sohasiga o‘qitilmoqda

    Energetika 12 Yanvar 2022 1195

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021-yilning oktyabr oyida Qashqadaryoga safari chog‘ida viloyatdagi ishsizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilishini ma'lum qilib, bu borada «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevga topshiriqlar bergan edi.

    Davlat rahbari tomonidan hududdagi barcha kasb-hunar markazlarini ikkita eng yirik korxona – Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va Muborak gazni qayta ishlash zavodiga biriktirilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ayni paytda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

    Natijada viloyatning G‘uzor hamda Dehqonobod tumanlarida aholining ishsiz va ish qidirayotgan qatlamini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.

    O‘quv kurslarida tahsil olayotgan fuqarolar hozirda talab yuqori bo‘lgan sohalar kesimida tasdiqlangan o‘quv dasturlari asosida «O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi neft va gaz korxonalarining malakali mutaxassislari tomonidan kasbga tayyorlanyapti.

    Shuningdek, kurs ishtirokchilari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha amaliyot ishlarini «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tizmidagi korxonalarda amalga oshirishadi, deb xabar beradi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.