Qasim-Jomart Toqayev: Parlament islohoti uchun konstitutsiyaning 40 moddasiga o'zgartirishlar kiritilishi kerak

    Qozog'istonda parlament islohotini amalga oshirish uchun mamlakat konstitutsiyasining 40 moddasiga o'zgartirishlar kiritilishi kerak. Bu haqda Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev parlament islohoti bo'yicha ishchi guruhning birinchi yig'ilishida ma'lum qildi.

    “O'zgartirishlar asosiy qonunning 40 ga yaqin moddasiga taalluqlidir. Shundan so'ng kamida 10 ta konstitutsiyaviy qonun va 50 dan ortiq kodeks va qonunlar muvofiqlashtirilishi kerak. Bu jarayon mohiyatan yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan qiyoslanadi. Shubhasiz, bu ishni bir vaqtning o'zida yakunlab bo'lmaydi. Bu borada puxta tayyorgarlik ko'rish talab etiladi”, dedi u.

    Uning so'zlariga ko'ra, islohot mamlakat taqdiriga bevosita daxldor bo'lib, bir palatali parlamentga o'tish xalqaro tendensiyalariga mos keladi, deb xabar berdi report.az.

    “Kuchli prezident, nufuzli parlament va hisobdor hukumat” konsepsiyasidan kelib chiqqan holda, davlatimizni tubdan modernizatsiya qilish strategiyasini davom ettirish muhim. Shu tariqa, mamlakatimizda prezidentlik boshqaruv tizimi dolzarbligicha qoladi”, dedi Qasim-Jomart Toqayev.