Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

    Hujjatlar 9 Oktabr 2020 11698

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi

    Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatagʻon qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini oʻrganish hamda targʻib etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, oʻtgan davrda ushbu yoʻnalishda muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Yurtimizda 2001-yildan buyon har yili 31-avgust – “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlab kelinmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy taʼlim muassasalari qoshida uning boʻlimlari tashkil etildi.

    Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi ulugʻ maʼrifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bagʻishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etildi, ijod maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Siyosiy qatagʻon yillarida nohaq qurbon boʻlgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilmoqda.

    Dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hamda milliy oʻzlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda mustabid tuzum tomonidan shafqatsiz qatagʻon qilingan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot namoyandalarining, oddiy kasb egasi boʻlgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodimizni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

    Bu boradagi tarixiy maʼlumotlarni xolis va haqqoniy oʻrganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday ogʻir va mashaqqatli kurashlar bilan qoʻlga kiritilganini, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashash kerakligini yana-da chuqur anglashga xizmat qiladi.

    Koʻp millatli xalqimizning fidoyi farzandlari, maʼrifatparvar ajdodlarimiz hayoti va faoliyati bilan bogʻliq haqiqatni toʻla yuzaga chiqarish, ularga nisbatan tarixiy adolatni tiklash, bu boradagi ishlarning koʻlami va samarasini oshirish maqsadida:

    1. Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini koʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Badiiy akademiya hamda keng jamoatchilikning qatagʻon qurbonlari merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirish haqidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.

    2. Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruh) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    3. Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda malakali olimlar va mutaxassislardan iborat tegishli guruhlarni tuzish;

    qatagʻon qurbonlarini viloyat, tuman va shaharlar kesimida nomma-nom aniqlash, ularning hayoti va faoliyati, tarixiy xizmatlari haqidagi maʼlumotlarni, arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni toʻplash va oʻrganish boʻyicha ushbu guruhlarning faoliyatini samarali tashkil etish;

    qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimizning avlodlari va yaqinlari, oʻsha davr voqealarini chuqur biladigan kishilarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy materiallarni, noyob suratlarni toʻplash ishlarini muvofiqlashtirish;

    aniqlangan qatagʻon qurbonlarining nomlarini Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga kiritish;

    shahid boʻlgan yurtdoshlarimiz xotirasini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish maqsadida koʻp jildlik “Qatagʻon qurbonlari” kitobi nashrga tayyorlanishi va chop etilishini taʼminlash;

    Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda uning hududlardagi oliy taʼlim muassasalari qoshidagi boʻlimlarining fondlari va ekspozitsiyalarini yangi topilgan maʼlumotlar, hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitib borilishini tashkillashtirish;

    xorijdagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-maʼrifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik oʻrnatgan holda, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish;

    oʻrganishlar jarayonida aniqlangan, muayyan sabablarga koʻra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatagʻon qurbonlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritib borish;

    qatagʻon qurbonlari hayoti va faoliyatini ilmiy tadqiq etish, ular haqida ilmiy-tarixiy kitoblar, badiiy va hujjatli filmlar yaratish ishlarini muvofiqlashtirish;

    qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida ular tugʻilib voyaga yetgan va istiqomat qilgan mahallalar va umumtaʼlim maktablarida xotira burchaklarini tashkil etish;

    “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan gʻoya asosida barcha tuman, shahar va mahallalarda aholi, ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning koʻrsatgan jasorati va ibratli faoliyatlarini targʻib etishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini tashkil etish.

    4. Qatagʻon qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    5. Ishchi guruhga qatagʻon qurbonlari nomlarini aniqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini, ekspertlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari vakillarini jalb etish huquqi berilsin.

    6. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida qatagʻon qurbonlarining nomlari qayd etiladigan ramziy kitobni yaratish, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va uning hududlardagi oliy taʼlim muassasalari qoshidagi boʻlimlarining, shuningdek, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, fondning homiylar guruhi tarkibini yangilash va ular tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish hamda xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlarini jalb etish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.

    Bunda, jumladan, xorijdagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-maʼrifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik qilish, chet eldagi mavjud manbalarni izlab topish va oʻrganish, shuningdek, qatagʻon qurbonlari haqida yangi badiiy va hujjatli filmlar tayyorlash, xotira kitoblari va fotoalbomlarni nashr etish, tashkiliy ishlarni moliyalashtirish masalalari koʻzda tutilsin.

    7. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu farmoyish ijrosini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni keng yoritish, mavzuga oid telekoʻrsatuv va radioeshittirishlarni efirga uzatish hamda matbuot nashrlari va Internet sahifalarida maqolalar eʼlon qilish tavsiya etilsin.

    8. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari R.S.Qosimov va A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,
    2020-yil 8-oktyabr