Toshkent shahridagi madaniy yodgorliklar, ziyoratgohlarni asrash, saqlash va tegishli tartibda joriy va mukammal taʼmirlash ishlari muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Shu jumladan, joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Rekonstruksiya jarayonida hududdagi daraxtlarga zarar yetkazmagan holda qatagʻon qurbonlarining nomlari aks etgan ramziy kitob barpo etiladi. Majmua ramziy rotonda rekonstruksiya qilinadi, muzey xodimlari uchun alohida maʼmuriy bino quriladi. Aholi uchun esa maishiy xizmat binolari, milliy hunarmandchilik va savdo doʻkonlari, ochiq amfiteatr va “Wi-Fi” xududlari barpo etish rejalashtirilgan.