“Elegancia Healthcare” Qatarning “Power International Holding” kompaniyasi tarkibiga kiradi. Kompaniya 840 oʻrinli, 250 ta yuqori malakali doktor va 400 dan ortiq hamshiralarga ega 4 ta yirik koʻptarmoqli shifoxonalarga egalik qiladi. “The View Hospital”, “Military Medical City”, “Hopital Algero Qatari Alleman” va “Korean Medical Centre” klinikalari shular jumlasidan. Bugungi kunda kompaniya tomonidan mazkur yoʻnalishda 14 ta yangi loyihalarni amalga oshirish ishlari olib borilyapti.

Muloqot chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasidagi amaliy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Qatar tomoniga Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimida, xususan aholi salomatligini yaxshilash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ishlarini tezlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Elegancia Healthcare” kompaniyasi rahbariyati oʻrtasida onlayn muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.