Xususan, “QNA” Milliy axborot agentligi ushbu mavzuda eʼlon qilgan maqolada «Doha shahrining markazida joylashgan «Katara madaniyat markazi» majmuasi galereyalarida o‘zbek hunarmandlarining ko‘rgazmasi ochilgani qayd etilgan. «Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan mahsulotlar rang-barangligi, milliyligi va yuqori sifati bilan yuqori qiziqishga sabab bo‘lmoqda», deb yozadi “QNA”.

Materialda Qatar opera teatrida O‘zbekiston davlat simfonik orkestri tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi tomoshabinlarga to‘la zalda  bo‘lib o‘tgani xabar qilingan. «Boy anʼanalarni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston madaniyati Sharq madaniy-maʼrifiy merosida alohida o‘rinni egallaydi. Mamlakatning zamonaviy musiqa sanʼati ham ko‘p asrlik milliy anʼanalar ruhiga yo‘g‘rilgan bo‘lib, turli sivilizatsiya vakillariga birdek zavq baxsh etadi», deyiladi nashrda.

Qatarning yetakchi “al-Ray” gazetasida chop etilgan maqolada O‘zbekiston madaniyat kunlari ochilish marosimida Amirlik siyosiy, iqtisodiy va madaniy doiralari vakillari hamda diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etgani maʼlum qilingan.  «Yaqinda Dohada boshlanadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati arafasida umuminsoniy ahamiyatga ega madaniy merosni namoyon etuvchi O‘zbekiston hunarmandchiligi va musiqasi namunalari taqdim etilgani Amirlikning ko‘p millatli aholisi va mehmonlari uchun alohida shukuh bag‘ishladi», deya “Qatara” madaniyat jamg‘armasi bosh direktori Holid Ibrohim as-Sulayti so‘zlaridan iqtibos keltirgan gazeta.     

 “Ash-Sharq” gazetasida bosilgan materialda tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Qatardagi elchisi Bahromjon Aʼloyevning fikrlariga eʼtibor qaratilgan. «Dohada O‘zbekiston madaniyat kunlarining o‘tkazilishi O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlarning yuqori darajasidan dalolat berib, ikki mamlakat xalqlarini yana-da yaqinlashtirish, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi», deb taʼkidlagan diplomatiya missiyasi rahbari nashr muxbiriga. 

 Qatarning yana bir yetakchi bosma nashri - «Al-Arab» gazetasi ham o‘z sahifalarida O‘zbekiston madaniyat kunlariga bag‘ishlangan turkum maqolalarni chop etdi. Xususan, ushbu gazetada madaniyat kunlari doirasida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Qatar milliy kutubxonasi o‘rtasida imzolangan Hamkorlik memorandumi  to‘g‘risida  so‘z yuritilgan.

«Qatar Milliy kutubxonasi ijrochi direktori Husum Tan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi bilan imzolangan Memorandum ko‘p asrlik madaniy merosni saqlash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, ikki muassasa o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun asos yaratishini bildirdi, - deyiladi maqoladi. - Mazkur Memorandumni imzolash marosimidan so‘ng Milliy kutubxonada «O‘zbekiston buyuk allomalar yurti» va «Yangi O‘zbekiston - Uchinchi Renessans» mavzulariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Shoazim Minovarov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri - Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgani haqida batafsil maʼlumot berdi».

Nashr konferensiya ishtirokchilari dunyo sivilizatsiyasi hamda islom olami taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbekistonlik ulamolar, jumladan, Birinchi va Ikkinchi renessans davrlariga mansub ilmiy maktab vakillari hayoti, ilmiy faoliyati, ulardan qolgan bebaho meros bilan tanishdi, deb urg‘ulagan. «O‘zbekistonda bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotgani, xususan, o‘zbek yoshlari xalqaro ilmiy, texnikaviy va sport olimpiadalarida erishayotgan yutuqlar haqidagi maʼlumotlar katta qiziqish bilan qabul qilindi», deya  qayd etgan “Al-Arab”.          

  Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, Qatarda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyat kunlari mahalliy va arab dunyosidagi yetakchi telekanallar tomonidan ham faol yoritilmoqda. Xususan, madaniyat kunlari doirasidagi yirik tadbirlar Qatar milliy televideniyesi va “al-Jazira” telekanali tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.