2024-yil may oyida Qatarga ishlash maqsadida borgan X.N. nopok ish beruvchining yolgʻonlardan iborat arizasi asosida Qatar qonunchiligining bir necha moddalarini buzganlikda aybdor deb topildi va hibsga olindi, deb yozadi «Dunyo« AA.
X.N. amaliy yordam soʻrab elchixonaga murojaat qildi.
Maʼlum boʻlishicha, u 2024-yilda Doha shahriga goʻzallik salonida ishlash maqsadida kelgan. 2024-yil avgust oyida hamyurtimiz ish beruvchining turli sabablarni roʻkach qilib, goʻzallik saloni hududini tark etish talabidan keyin vaqtincha yashash uchun mehmonxonaga joylashadi.
Oradan hech qancha vaqt oʻtmay mahalliy politsiya xodimlari yurtdoshimizni qochoq va oʻgʻrilikda gumon qilib qoʻlga oladi.
Qiyin vaziyatda qolgan vatandoshimizning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston diplomatlari tomonidan unga konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi, vaqtincha turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlandi.
Surishtiruvlar davomida vatandoshimizga ish beruvchi tomonidan tuhmat qilingani, kafil ruxsatisiz qochgani va oʻgʻirlikni sodir etgani sababli 1-yillik jazo muddatini oʻtamaguncha Qatar hududini tark eta olmasligi maʼlum boʻldi.
Qatar huquqni muhofaza qiluvchi va tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar va sud eshituvlari jarayonlarida diplomatlar ishtiroki taʼminlandi.
8 oy davomida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida 1-yil muddatga jazoni ijro etishga hukm qilingan vatandoshimiz X.N. sud zalidan aybsiz deb topilib ozod qilindi. Shuningdek, unga Qatar hududini tark etish boʻyicha qoʻyilgan barcha taqiqlar olib tashlandi.
Joriy yil 5-mart kuni diplomatlar koʻmagida yurtdoshimiz «Doha-Toshkent« yoʻnalishidagi toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi orqali Oʻzbekistonga qaytarildi.