Internet tarmogʻida turkiyalik sobiq amaldor oʻgʻlining vaksinaga qarshi qaratilgan fikrlari tarqaldi. Emishki, vaksina olish yungli, bir koʻzli, dumli chaqaloqlar tugʻilishiga sabab boʻlarkan. Bu kabi mish-mishlar tarqalishiga nima sabab boʻlmoqda? Bu xabarlar qanchalik asosli?

SSV Matbuot xizmati ushbu savollarga javob olish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻining oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat ATABEKOVga murojaat qildi:

—  Oʻylab koʻrsak, dunyoda vaksinatsiya jarayonlariga ommaviy start berilganiga hali 9 oy ham boʻlgani yoʻq. Dunyo boʻyicha shu paytga qadar homilador ayollarda emlash jarayonlari amalga oshirilmadi. Vaksinatsiya jarayonlari dastlab boshlanganida faqatgina xavfosti guruhiga kirgan aholi vakillari emlana boshlangan edi. Emlanganlarning aksariyati yoshi 65 yoshdan yuqori insonlar boʻlib, ular, asosan, farzand koʻrish yoshidan ancha yuqori qatlam hisoblanadi. Bu — birinchidan.

Ikkinchidan, JSSTning soʻnggi tahlillari homilador va emizikli ayollar, hatto, OITS va OIV infeksiyalari bilan kasallangan bemorlar ham emlanishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Shunday ekan, homiladorlar kelgusida emlana boshlangan taqdirda ham ularda bunday holatlar kuzatilmasligiga kafolat bor.

Uchinchidan, vaksina tayyorlanadigan virus genomi bilan inson irsiyatiga javob beruvchi genlarning umuman aloqasi yoʻq.

Toʻrtinchidan, aksariyat vaksinalarda virusning toʻliq namunalari emas, uning tarkibidagi rekombinant oqsil moddasi foydalanilmoqda. Demak, emlash orqali organizmga virus namunasi kiritilmaydi.

Beshinchidan, tarqatilgan majruh chaqaloqlar surati katta ehtimol bilan homilador ayollarning skrining jarayonlarida olingan boʻlishi mumkin. Bilamizki, skrining tekshiruvidan maqsad ana shunday salbiy holatlar aniqlansa, homiladorlikni oldini olish, bolani sogʻlom dunyoga kelishini taʼminlashdir.

Demak, agar qaydadir majruh bolalar tugʻilgan boʻlsa, bu virus bilan bogʻliq emas. Buning barchamizga maʼlum boʻlgan bir qancha  sabablari bor boʻlib, ular qatoriga giyohvandlik, ichkilikbozlik va kashandalik kabi zararli odatlar, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh va nosogʻlom hayot tarzi kabi omillarni kiritish mumkin. Bu kabi tibbiy mantiqqa va haqiqatga zid boʻlgan xabarlarni tarqatishdan maqsad esa aynan biror ishlab chiqaruvchiga qarshi provokatsiya uyushtirish, shaxsiy ziddiyatlar sabab kimgadir informatsion zarar yetkazish yoki dunyo jamoatchiligini oʻziga qaratish, deb oʻylaymiz.

Maʼlumot uchun, “Stopface.kz” nashri qayd etishicha, eʼlon qilingan suratlarning birortasi koronavirus pandemiyasi va vaksinalarga bogʻliq emas. Birinchi suratda dumi bor chaqaloq tasvirlangan — bu grafik tahrirlagichning ishi hisoblanadi. Surat 2009-yilda suratkash Saymon Stoun tomonidan qayta ishlangan.

Usti yung bilan qoplangan bolakayning surati ham vaksinaga bogʻliq emas. Unda gipertrixoz yoki “maxluq sindromi” deya ataluvchi kasallik bilan tugʻilgan bola tasvirlangan. 2019-yilda Ispaniyada 16 nafar bolada ushbu kasallik aniqlangan. Keyinroq ularning barchasi soch toʻkilishiga qarshi vosita boʻlgan dorini ishlatgani maʼlum boʻlgan. Erbakan tomonidan namoyish etilgan uchinchi suratda 2016-yili Hindistonda tugʻilgan siam egizaklari tasvirlangan.