Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mazkur ma’lumotlar ilmiy jihatdan asoslanmaganini ma’lum qildi.

«Kislotali yog‘inlar atmosferada oltin­gugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NOₓ) uzoq vaqt davomida to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar asosan yirik sanoat hududlari va to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.

Havo massalari uzoq masofalarga ko‘chishi jarayonida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi atmosferadagi turbulentlig, vertikal aralashish, quruq va nam cho‘kish jarayonlari ta’sirida keskin kamayadi. Shu sababli manbadan minglab kilometr uzoqlikda xavfli darajadagi kislotali yog‘inlar shakllanishi deyarli mumkin emas», deyiladi izohda.

Bundan tashqari, yog‘inlarning hosil bo‘lishi mahalliy bulut hosil bo‘lish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, yog‘inlar asosan hudud ustidagi atmosferada mavjud bo‘lgan suv bug‘i va aerozollar hisobiga shakllanishi qayd etilgan.

«Meteorologik kuzatuvlar va atmosfera havosi sifati monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, kislotali bulutlarning O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hududiga ko‘chib kelishi xavfi kuzatilmayapti.

Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalarida tasdiqlanmagan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslikni hamda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘raymiz. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on yoki tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatish uchun amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik choralari mavjudligini eslatib o‘tamiz», deyiladi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi izohida.