Ammo yurtdoshlarimizdan baʼzan “qanday jismoniy mashqlar koʻproq foydali”, “Qaysi mashgʻulotlar bilan shugʻullanganim maʼqul” degan mazmundagi savollarni eshitamiz.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Gavhar TULABOYEVA shu haqdagi tavsiya va xulosalari bilan oʻrtoqlashdi.

— Jismoniy mashqlar orqali sogʻlom boʻlishning usullari koʻp, — deydi shifokor. — Har bir odam oʻz imkoniyat va intilishidan kelib chiqib qulay mashgʻulot turlarini tanlashi kerak. Bu jaranda yosh va salomatlik koʻrsatkichlari alohida hisobga olinadi.

Mashqlar “oddiydan — murakkabga” tamoyili asosida, pogʻonama-pogʻona bajariladi. Bunda organizmdagi barcha tizim va mushaklarning mutanosib ishtirok etishini taʼminlash lozim. Shunda biror tana aʼzosi ortiqcha zoʻriqishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Jismoniy mashqlarni muntazamlik asosida va iloji boricha ochiq havoda bajarish kerak. Badantarbiyadan oldin organizmni jismoniy chiniqtirish zurur. Buning uchun turli chiniqtiruvchi muolajalar, jismoniy mashqlardan foydalanish tavsiya etiladi. Ayniqsa, quyoshda, havoda va suvda chiniqishning samarasi katta.

Bundan tashqari, piyoda yurish va yugurish — jismoniy faol hayot kechirishning eng foydali usullaridan biri. Bunday mashgʻulotlar tanamizni baquvvat, chidamli va koʻrkam qiladi. Oyoq mushaklarini mustahkamlaydi. Qolaversa, qon aylanish va immun tizimini yaxshilaydi.