“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash maqsadlari qoʻyilgan. Ularning barchasi toʻgʻridan-toʻgʻri aholi daromadini oshirishga bogʻliq boʻlmasligi mumkin, ammo qaysidir jihati bilan shu maqsadga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatadi.

Masalan, yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobar oshirish va shu orqali aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 4000 dollarga yetkazish maqsadini olaylik. Bu boradagi loyihalar iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirishga turtki boʻladi. Pirovardida aholi farovonligini oshirishga zamin yaratadi.

Yana bir muhim maqsad – mamlakatda yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish orqali daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirish. Bu boradagi loyihalar orqali mamlakatimizga investitsiyalarni koʻproq jalb etish imkoniyati yaratiladi. Zamonaviy mexanizmlar takomillashtirilishi natijasida xorijiy investorlarning yurtimizga qiziqishi ham ortib boradi.

Yillik oʻrtacha oʻsishni 6-7 foiz darajada saqlab turish, inflyatsiyani 5-6 foizdan oshirmaslikni taʼminlash ham koʻzda tutilgan. Bu imkoniyatlar iqtisodiyot oʻsishiga taʼsir koʻrsatadi. Shu orqali tadbirkorlar va investorlarning erkin faoliyat yuritishi taʼminlanadi.

Investitsiyalarni faol jalb qilish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, yuqori natijalarga erishilyapti. “Oʻzbekiston – 2030” loyihasida bu jabhadagi ishlarni yanada rivojlantirish koʻzda tutilgan. Xususan, kelgusi yetti yilda umumiy miqdorda 250 milliard dollarlik investitsiya jalb qilish moʻljallangan.

Ushbu hujjatda qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish borasida ham muhim chora-tadbirlar belgilangani ham bejiz emas. Zero, ushbu tarmoq rivoji mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirish va aholi farovonligini oshirishda muhim omillardan biri. Ammo mamlakatimizda fond bozori haligacha yaxshi rivojlanmagan. Tahlilchilar fikricha, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2–0,3 foizni tashkil etadi. Holbuki, bu tarmoq rivojlangan davlatlarda katta ulushga ega. Shu bois, Oʻzbekistonda ham qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish orqali investitsiyalar oqimini kuchaytirish ustuvor vazifamiz sanaladi.

Iqtisodiyotda “investitsiya portfeli” degan tushuncha bor. Bu mamlakatdagi katta-katta kompaniyalar aksiyalarini xorijdan turib sotib olish orqali mulkdor boʻlishni xohlaydigan investorlarga keng yoʻl ochish mumkin. Loyihada belgilangan vazifalar oʻz vaqtida ijro etilishi bu yoʻnalishda muhim istiqbollarni ochadi, deb umid qilsa boʻladi.

Har bir inson halol mehnati ortidan yaxshi daromad olishni, farovon hayot kechirish, farzandlariga arzirli meros qoldirishni orzu qiladi. Soʻnggi yillardagi iqtisodiy islohotlar xalqimizning bu orzulari ushalishi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Xususan, mamlakatimizdagi islohotlar iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, oʻrta sinf va fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. “Xalq IPO”si degan tushuncha ham ana shunday islohotlar mahsuli sifatida yuzaga chiqdi. Endi davlat ulushi yuqori boʻlgan sanoat korxonalarini xususiylashtirish jarayonida mulkdor sifatida ulush kiritish mumkin boʻladi. Bu xalqimiz mulkdor boʻlishiga, yurtimiz rivoji uchun investitsiya kiritishiga imkon beradi. Loyihada bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish bilan bogʻliq muhim chora-tadbirlar aks etgani ayni muddaodir.

Bundan tashqari, davlat mulkini xususiylashtirishda mahalliy investorlarga ham xorijiy investorlarga berilganidan kam boʻlmagan imtiyoz taqdim etish koʻzda tutilmoqda. Bularning barchasi yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, xalqimizning munosib hayot kechirishi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Raqamli texnologiyalarni rivojlantirgan holda mamlakatni mintaqaviy IT habga aylantirish ham islohotlarning ustuvor yoʻnalishidir. Bu jabhada koʻplab zamonaviy loyihalar hayotga tatbiq etilyapti, IT parklar qurilyapti va, tabiiyki, iqtisodiyot rivojiga katta turtki boʻlyapti. Kelgusida bu ishlar ham rivojlantiriladi, mavjud infratuzilmalar takomillashadi. Bundan tashqari, IT sohada taʼlim sifati yuksaltirish, “maktab – OTM – IT” birligidan iborat xizmatlar zanjirini yaratish koʻzda tutilyapti. Yurtimizning turli hududlarida aholi punktlarini internet bilan qamrab olish, tezligini oshirish choralari koʻriladi. Bu nafaqat raqamli iqtisodiyot, balki barcha sohalar rivojini nazarda tutadi.

Furqat YUNUSOV,

 “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi