Qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari qirgʻizistonlik mutaxassislarni qiziqtirdi

    Energetika 17 Dekabr 2021 933

    Qirgʻiziston delegatsiyasi Navoiy viloyatida ishga tushirilgan sanoat miqyosidagi quyosh fotoelektr stansiyasiga tashrif buyurdi.

    Delegatsiyaning tashrifi Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan Markaziy Osiyo Suv-Energetika dasturi (CAWEP) koʻmagida tashkil etildi.

    Qirgʻiziston delegatsiyasi 2021-yilning 14-17-dekabr kunlari boʻlib oʻtadigan tashrif davomida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosidagi energetika loyihalarini amalga oshirish orqali qayta tiklanuvchi ekologik toza energiya ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekistonning muvaffaqiyatli tajribasini oʻrganadi.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilari qatoridan xususiy kompaniyalar ishtirokida mamlakatimizning qator hududlarida quyosh fotoelektr stansiyalari va shamol elektr stansiyalari (SHES) loyihalari amalga oshirilyapti.

    Ushbu loyihalar ilgʻor xalqaro tajribalarga tayangan holda, xususan, mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar orasidan investorlarni aniqlash boʻyicha tenderlar oʻtkazish boʻyicha tashkil etilgan. Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) tender savdolarini tashkil etishda Oʻzbekiston Energetika vazirligiga katta koʻmak beryapti.

    Qirgʻiziston delegatsiyasining tashrifi dasturidan poytaxtimizda Energetika vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv oʻrin olgan boʻlib, bu boradagi hozirgi holat va rejalashtirilgan ishlar haqida taqdimot oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston energetika sohasini isloh qilishning hozirgi bosqichi – qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan quvvatlarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish va ularni mamlakatning yagona energetika tarmogʻiga integratsiyalashuvi bilan uzviy bogʻliqdir.

    Joriy yilning oʻzidayoq Navoiy viloyatining Karmana tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan 100 megavatt quvvatga ega mamlakatimizda birinchi sanoat miqyosidagi quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.

    Qirgʻiziston delegatsiyasining tashrifi dasturidan Navoiy FESga tashrif buyurishdan tashqari, poytaxtimizda Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va boshqa tuzilmalar rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻrin olgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.