Maʼlum qilinishicha, Prezidentning 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-son qaroriga muvofiq Fanlar akademiyasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJ negizida Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti va uning tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi tashkil qilingan.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini rivojlantirish, ushbu sohalarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodoroddan olingan energiyani elektr hamda issiqlik energiyasiga aylantirish hisobiga ulardan iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari va tarmoqlarida samarali foydalanish usullarini oʻrganish va joriy etish;
- qayta tiklanuvchi energiya va vodorodni ishlab chiqarish, yetkazib berish va ulardan samarali foydalanish masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va (yoki) ularni xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar talablariga moslashtirish;
- ilgʻor davlatlarning mazkur sohalardagi ilmiy muassasalari, markazlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik oʻrnatish va ular ishtirokida tadqiqotlarni tashkil qilish, shuningdek, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va ularda ishtirok etish;
- mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy izlanishdan ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni oʻzaro bogʻlovchi yaxlit tizimni shakllantirish va yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorodni ishlab chiqaruvchi, ulardan foydalanuvchi hamda ushbu turdagi energiya bilan ishlovchi uskuna, qurilma va texnologiyalarni sinovdan oʻtkazish va sertifikatlash.
Institut yuridik shaxs hisoblangan davlat ilmiy tashkiloti boʻlib, Fanlar akademiyasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti” MCHJning shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Institutning tuzilmasi;
- Institutning respublika Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy xodimlari sonini bosqichma-bosqich maqbullashtirish jadvali.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.03.2022-yildan kuchga kirdi.