Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, navoiylik Malika Hakimova Jahon kubogi hamda Osiyo kubogida muntazam ravishda ishtirok etib, jahon chempionati saralash musobaqasi yakuniy natijalariga koʻra Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi — FIE qaroriga binoan toʻgʻridan-toʻgʻri litsenziya olish imkoniyatiga ega boʻldi.
Taʼkidlash lozim, Malika Hakimova 2021-yil 21-24-mart kunlari Qozon (Rossiya) shahrida boʻlib oʻtgan yakuniy saralash chempionatida qilichbozlikning shpaga turida ishtirok etib, oʻz shaxsiy hisobiga qimmatli ochkolar yigʻishga erishdi. Natijada, Tokiodagi Olimpiya oʻyinlariga toʻgʻridan-toʻgʻri litsenziya qoʻlga kiritish uchun FIE tomonidan ruxsat etilgan jahon reytingidagi ballar yigʻindisi unga yetarli boʻldi.
Quvonarli jihati, ayollar oʻrtasida Olimpiya oʻyinlariga toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻlga kiritilgan qilichbozlarimizning ushbu birinchi litsenziyasi qilichbozlik boʻyicha Oʻzbekiston tarixida ilk bor qayd etildi.
Malika Hakimova Navoiy shahridagi “Soʻgʻdiyona” sport kompleksida 10 yoshidan qilichbozlik bilan shugʻullana boshlagan. Uning birinchi va hozirgi murabbiyi Kudayev Ruslan. 2012-yilda Malika Respublika Olimpiya zaxiralari kollejiga oʻqishga qabul qilindi.
2013-yilda M.Hakimova kadetlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati shaxsiy bahslarida birinchi oltin medalini, 2015-yilda oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida ikkinchi oltin medalini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, u Qozogʻistondagi xalqaro musobaqalarda ham oltin medal sohibi boʻlgan.
2019-yilda xalqaro “Satellit” va I-Markaziy Osiyo chempionatida 1-oʻrinni egallagan.
Ayni paytda Malika Hakimova Tokio Olimpiya oʻyinlari litsenziyasini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻlga kiritish uchun dunyo reytingida belgilangan miqdordagi ochkolarni yigʻishga erishdi.
Biz Malikani, shuningdek, Oʻzbekiston qilichbozlik terma jamoasi va barcha qilichbozlik sporti muxlislarini Tokio-2020 uchun qoʻlga kiritilgan birinchi litsenziya bilan tabriklaymiz.