Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning O'zbekistonga tashrifi hamda ikki davlat Prezidentlarining uchrashuvlari ikki xalqning do'stligi, qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi. Keyingi yillarda O'zbekiston – Qirg'iziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi, hamkorlik ko'lami barcha yo'nalishlarda kengaydi. Tashrif doirasida O'zbekiston va Qirg'iziston Prezidentlari Qo'shma bayonot qabul qildilar. SHuningdek, ikki mamlakat vazirliklari va hududlari rahbarlari imzolangan hujjatlar bilan almashdilar. Tashrif doirasida ko'p qirrali O'zbekiston-Qirg'iziston sherikligining deyarli barcha yo'nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.
Qariyb 50 ta qo'shma loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, O'zbekiston-Qirg'iziston Investitsiya fondini tashkil etish to'g'risidagi bitim, elektr energiyasini o'zaro etkazib berish, Qirg'izistonda gidroenergetika ob'ektlarini qurish sohasidagi hamkorlik to'g'risidagi hujjatlar shular jumlasidan.
Ta'kidlanganidek, “O'zbekiston – Qirg'iziston – Xitoy” temir yo'lining qurilishi strategik ahamiyatga ega. Mazkur yo'lning barpo etilishi ikki mamlakat manfaatlariga to'liq mos kelishi, mintaqaning tranzit salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishi alohida e'tiborga molik.
Ma'lumki, O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari qardosh xalqlarimiz farovonligiga ham o'z hissasini qo'shib kelmoqda. Andijon va O'sh, Namangan va Jalolobod, Farg'ona va Botken, Norin viloyatlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo'yicha «yo'l xaritalari» hududlararo aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Azal-azaldan ikki qo'shni xalq o'rtasida qarindosh-urug'lik rishtalari ham bog'lanib ketganligi xech kimga sir emas. Hozir O'zbekistonda 300 mingga yaqin qirg'iz millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi. Ularning o'z madaniyati, tili, an'ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. 6 ta qirg'iz milliy madaniy markazi faoliyat ko'rsatmoqda, 56 maktabda ta'lim qirg'iz tilida olib boriladi.
Shunday ekan, ko'p asrlar davomida o'zaro shakllangan do'stlik va hamkorlik rishtalari oliy darajadagi uchrashuvlar bilan yanada mustahkamlanaveradi.
Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati