Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi investitsiya, savdo va transport-logistika sohalarida sheriklikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi va oʻzaro manfaatli hamkorlikning aniq maqsadlari belgilandi.

Investitsiya sherikligini faollashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish boʻyicha kelgusidagi choralar toʻgʻrisida konstruktiv fikr almashilib, natijasida tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va tasdiqlash hamda amalga oshirilishini boshlashga kelishib oldilar.

Tomonlar savdo sohasida toʻxtalib, savdo aylanmasi oʻsishining ijobiy dinamikasini qayd etdilar: soʻnggi uch yilda savdo aylanmasi qariyb besh baravar oʻsib, 2019-yilda 818,4 mln dollarni tashkil etdi. Ushbu yoʻnalishda yaqin vaqtlarda oʻzaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish maqsadida pandemiyaning salbiy taʼsirini bartaraf etish boʻyicha birgalikda choralar koʻrish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish bilan bogʻliq bir qator masalalar ishlab chiqildi.

Transport sohasida oʻzaro hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasidagi temir yoʻl orqali yuk tashish hajmi 10,7 foizga oʻsib, 1,47 mln tonnani, avtomobil yuk tashish hajmi esa 38,2 foizga oʻsib, 1,49 mln tonnani tashkil etganligi qayd etildi. Tomonlar yuk tashishga sarflanadigan vaqtning sezilarli darajada kamayishiga va tashuvchilarning transport xarajatlarini optimallashtirishga imkon yaratgan “Andijon – Oʻsh – Irkeshtam – Qashgʻar” uchastkasida avtotransport vositalaridan foydalangan holda “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” yoʻlagi boʻylab multimodal yuk tashishlari ishga tushirilganligini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.

Ushbu yoʻnalishdagi mavjud salohiyatni hisobga olgan holda, chegara nazorat punktlaridagi yoʻllarning oʻtkazish imkoniyatlarini kengaytirish va yoʻlovchilar, transport vositalari va yuklarning tranziti uchun sharoitlarni yaxshilash, jumladan, bojxona, sanitariya, transport va chegara nazorati jarayonlarini raqamlashtirish orqali birgalikda choralarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, kombinatsiyalashgan yuk tashishlarni tashkil etish maqsadida qoʻshma logistika xablarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari darajasida investitsiya, savdo, transport-logistika hamkorligi masalalarining tezkor ravishda kelishish boʻyicha mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, bu esa belgilangan yoʻnalishlar doirasidagi oʻzaro amaliy faoliyat samaradorligini oshiradi.