Bu haqda Qirg'iziston prezidenti Sadir Japarov “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ma'lum qildi.
Uning so'zlariga ko'ra, ikki davlat o'rtasidagi chegarani delimitatsiya qilishda faqat bir tomonga ustunlik berib bo'lmaydi – tenglik va har ikki tomon manfaatlarini hisobga olish tamoyiliga amal qilish kerak.
“Ikki davlat hukumatlararo komissiyasi ishi yakunlanib, hujjatlar imzolangandan so'ng tashqi ishlar vazirlari imzolarini qo'yadi. Shundan so'ng hujjatlar ikki davlat parlamentlarida ratifikatsiya qilinadi va yakunda biz, prezidentlar ularni imzolaymiz. Shu bilan jarayon yakuniga yetadi. Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi chegara bo'yicha boshqa savollar bo'lmaydi”, dedi Sadir Japarov.
Uning qo'shimcha qilishicha, chegara postlarining yopilishi har ikki tomonning iqtisodiy yo'qotishlariga olib keldi.
“Savdo-iqtisodiy aloqalar to'xtatilgandi. Endi bizning maqsadimiz chegara postlarini ochish va mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar ayirboshlashni eng yuqori darajaga olib chiqishdir”, dedi prezident.
Tojikiston va Qirg'iziston o'rtasidagi chegara chizig'i 987,6 kilometr, deb xabar beradi report.az.