Qarorga ko'ra iste'fodagi hukumat a'zolari yangi hukumat shakllantirilgunga qadar o'z majburiyatlarini ijro etishni davom ettiradi, deya xabar bermoqda Qirg'iziston milliy "Kabar" axborot agentligi.  

Bosh vazirning iste'fosi haqida kecha Qirg'iziston hukumati matbuot xizmati xabar bergandi.

“Mamlakat koronavirus xuruji va uning iqtisodiyotga keltirayotgan salbiy oqibatlariga qarshi kurash olib borayotgan murakkab bir sharoitda hukumat barqaror faoliyat olib borishi va fuqarolar ishonchini to'la qozonishi kerak, mavhumlik esa, aksincha hukumatning to'laqonli faoliyat yuritishiga to'sqinlik qiladi, - deyiladi Muhammedkaliy Abilg'ozievning iste'fo to'g'risidagi rasmiy arizasida. – YUqoridagilarni hisobga olgan holda men Qirg'iziston Bosh vaziri lavozimi vakolatlarini topshirishga qaror qildim”.

Ilgari radiochastota manbalarini noqonuniy ravishda uzaytirish va qayta rasmiylashtirish bilan bog'liq mojaro sababli Muhammedkaliy Abilg'oziev may oyining oxiridagi tergov davomida ikki haftalik ta'tilga chiqqan edi.

Bosh vazir unga qo'yilayotgan ayblovlarni rad etmoqda va huquq-tartibot organlari qonunga xilof ish tutgan haqiqiy aybdorlarni topishiga umid bildirmoqda. 

Muhammedkaliy Abilg'oziev hukumatga 2018 yil apreldan beri rahbarlik qilib kelayotgandi. Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar u Bosh vazirning birinchi o'rinbosari bo'lib ishlagan.