Qirgʻizistonda fonogrammada qoʻshiq aytish taqiqlandi

    2023-yil 1-yanvardan boshlab Qirgʻizistonda davlat idoralarida va ommaviy tadbirlarda fonogrammada kuylash taqiqlanadi. Mamlakat madaniyat vaziri Altinbek Maksutov 2022-yil 30-dekabrda shu haqdagi buyruqni imzoladi, deyiladi Kloop nashri tarqatgan xabarda.

    Ushbu taqiq teatrlar, sport muassasalari, konsert zallari, kinozallar, klublar, muzeylar, kutubxonalar va filarmoniyalarda amal qiladi.

    “Vazirlikka qarashli barcha davlat madaniyat va taʼlim muassasalarida konsert dasturlari va madaniy-ommaviy tadbirlarida vokal chiqishlar 2023-yil 1-yanvardan boshlab jonli ijro etilishi kerak”, – deyiladi xabarda.

    Qirgʻizistonda jonli ijro boʻyicha gap-soʻzlar 2021-yilda boshlangan edi. Oʻshanda madaniyat vazirligi konsert afishalarida va chiptalarda ijro etiladigan qoʻshiq “fonogramma” yoki “jonli ovoz” deb koʻrsatilishi shartligini talab qiluvchi buyruq chiqargandi.

    Masalan, Tojikistonda fonogramma orqali ijro etish 2007-yilda taqiqlangan, deb yozmoqda Tojikistonning “Xovar” agentligi. Taqiq eʼlon qilinishiga asosiy sabablardan biri sifatida “fonogrammada ovoz yozish qoʻshiqchilik-musiqa sanʼati rivojiga salbiy taʼsir etishi” koʻrsatilgan, deyiladi xabarda.

    Undan ham oldin, yaʼni 2005-yilda Turkmanistonda davlat konsertlarida ham, oilaviy tantanalarda ham fonogrammada kuylash taqiqlab qoʻyilgan edi. Ushbu taqiqdan maqsad “asl madaniy qadriyatlarni chet omillardan himoya qilishdir”, deyilgan.

    Oʻzbekistonda bu tartib sal keyinroq – 2018-yilda joriy qilingan. Davlat bayramlarida ishtirok etadigan barcha xonandalar qoʻshiqlarini jonli ijro etishi kerak.

    2020-yilda Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev madaniyat masalalari boʻyicha tuzatishni imzoladi, unda tomoshabinlarni konsert fonogrammada ijro etilishi haqida oldindan ogohlantirish majburiy qilib qoʻyildi.

    Fonogrammada kuylash nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlarida, balki Xitoy, Ozarbayjon, Moldova, AQSH va boshqa bir qancha mamlakatlarda ham taqiqlanadi. Qolaversa, fonogrammada kuylashga qarshi kurash masalasiga koʻp mamlakatlarda jiddiy yondoshilmoqda. Masalan, Ozarbayjonda fonogrammada qoʻshiq ijro etish butunlay taqiqlangan. Bokuga gostrolga kelgan barcha rossiyalik artistlar qoʻshiqlarini jonli ijroda taqdim qilishga majbur.

    AQSHda fonogrammada chiqish qilish qonun bilan taqiqlangan, konsertga sotib olingan chiptada va reklamada bu haqda koʻrsatilmagan boʻlsa, javobgarlikka tortiladi.