Viloyat hokimligi matbuot xizmatidan xabar qilinishicha, bugun mamlakatimiz delegatsiyasini rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Soʻngra Namangan viloyati vakillari Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattar Sirgaboyev tomonidan qabul qilindi.

Muloqot chogʻida ikki hudud oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik va oʻzaro doʻstlik aloqalarini yana-da rivojlantirishning istiqbollari bilan bogʻliq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan rasmiy uchrashuv chogʻida eksport-import masalalarida hamkorlik oʻrnatish, xususan, Namanganga qishloq xoʻjaligi, chorva va goʻsht mahsulotlari, qurilish materiallari va koʻmir yetkazib berish, Jalolobod viloyatiga esa tikuvchilik va oziq-ovqat sanoatini olib kirish boʻyicha istiqbolli rejalarni amalga oshirish xususida fikr almashildi.

Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida istiqomat qiladigan 1 million 238 ming aholining 26 foizini oʻzbek diasporasi tashkil etadi. Jalolobodda oʻzbek tiliga ixtisoslashgan 21 ta maktab faoliyat yuritmoqda, ularda mahalliy hukumat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratilgan. “Yangi tong” nomi bilan faoliyat olib borayotgan gazeata tahririyati ayni vaqtda 3 ming adadda chop etilmoqda.

Namangan delegatsiyasi aʼzolari Jalolobod viloyatida yashab kelayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.

Delegatsiya vakillari Jalolobod gubernatori hamrohligida “Dvoynyashki” nomli qandolatchilik mahsulotlari fabrikasi ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur korxonada yuz nafardan ortiq xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlagan. Ushbu korxona mahsulotlariga ichki bozorda talab juda yuqori.

Namangan viloyati vakillari “Kelechek” mineral suvlari ishlab chiqarish, Oʻrta Osiyo toshni qayta ishlash, “Mira” savdo belgisi ostida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini konserva qilishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishganlari barobarida mazkur korxonalar mutasaddilari bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashdi.

Bundan tashqari, amaliy safar doirasida “Namangan-Jalolobod” biznes forumi tashkil etildi. Unda har ikki viloyat rahbarlari, chegaradosh tumanlar hokimlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etmoqda.