Bu maqsadda u qirgʻizistonlik tanishiga aloqaga chiqib, katta partiyadagi dori vositalarini yetkazib berishini soʻraydi.

Oʻz navbatida Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi 16755 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini aylanma yoʻllar orqali Kosonsoy tumaniga olib kelib, xufiya joyga qoldiradi.

Namanganlik shaxs esa ushbu dori vositalarini Kosonsoy tumanidan Namangan shahriga keltirib berishi uchun oʻzining hamshahariga 500 ming soʻm vaʼda qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda kuryer dori vositalarini xufiya joydan olib ketayotgan vaqtida ushlandi. Shuningdek tezkor tadbir davom ettirilib, buyurtmachi ham protsessual tartibda qoʻlga olindi.

Hozirda ushbu 2 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Fargʻona viloyatida qayd etilgan holatda esa Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qoʻqon shahrida yashovchi, 1980-y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs oʻzining “Treker 2” rusumli avtomashinasida “Fargʻona–Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtida toʻxtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida 11200 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi maʼlum boʻldi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalari Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelinganligi aniqlandi. Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.