Tovar-moddiy boyliklarning mamlakat hududidan yashirincha olib chiqilishiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi va bojxona organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Maʼlum boʻlishicha, Fargʻona tumanida yashovchi 1996-yilda tugʻilgan shaxs boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi Qirgʻiz Respublikasiga chiqish maqsadida “Vodil-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida tekshiruvdan oʻtkazilgan.
Tekshiruv jarayonida avtomashina kuzov qismi ichiga yashirilgan 4 dona nostandart shakldagi oltin quyma aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, mazkur oltin quymalarning sof ogʻirligi 1 kilogramm 232 grammni tashkil etib, umumiy qiymati 2 milliard 182 million 466 ming soʻmga teng.
Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni bu kabi qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqiradi. Murojaat qilgan shaxsning shaxsiyati sir saqlanishi kafolatlanadi.