Navroʻz bayrami kunlarida sumalak uchun yam-yashil bugʻdoy nihollari qisqa fursatlarda oʻstirilishi tajribasi qadimdan maʼlum. Oʻz tarkibida toʻyimli elementlarga ega bugʻdoy nihollari ayni paytda chorva uchun oʻta yuqori kaloriyali ozuqa hamdir. Koʻp va sifatli miqdorda bu tur yashil ozuqani yetishtirish uchun qahraton qish faslida issiqxonalar maʼqul keladi.
Xorazm viloyati Xonqa tumani markazidagi Pahlavonlar mahallasida faoliyat yuritayotgan “Xonqa chorva kapital” masʼuliyati cheklangan jamiyati aynan aholi va chorva fermerlari ehtiyojlarini inobatga olib, gidroponika usulida yashil ozuqa ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Bu turda yashil ozuqa yetishtirish usuli vohada yangilik hisoblanadi.
Zamonaviy uskunalar Ispaniyadan keltirilgan. Endilikda bu yerda kuniga 5 tonna yashil ozuqa ishlab chiqarilib, mijozlarga uzluksiz yetkazib berilayotir.
Yangi loyiha tufayli 4 ish oʻrni ham yaratildi.
Roʻzimboy HASAN,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri