Nizom bilan sugʻoriladigan va lalmi ekin yerlarida qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish tartibi belgilandi.
Nizomga muvofiq, tumanlar (Quvasoy shahar) hokimliklari har yili 5-mayga qadar qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish boʻyicha qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchilarning takliflarini qabul qiladi.
Tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimi, yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi, fermer xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchilarning takliflarini umumlashtirish asosida qishloq xoʻjaligi ekinlarini konturlar kesimida joylashtiradi.
Har yili 20-mayga qadar tuman (Quvasoy shahar) hokimligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish natijalari boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi.
Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlari hamda konturlar kesimida joylashtirilgan ekin turlari va maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron bazasi yaratiladi va “elektron xarita”ga tushiriladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish boʻyicha takliflarini umumlashtirgan holda, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqadi.