Yer umummilliy boylik, Oʻzbekiston xalqining hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shu sababli, yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash davlatning eng muhim vazifalaridan biridir.

Davergeodezkadastr qoʻmitasi uzoq yillar davomida ushbu vazifani muayyan darajada bajarib keldi. Lekin, yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish vazifalarining yagona organda toʻplanganligi yer resurslaridan oqilona foydalanishda manfaatlar toʻqnashuvini yuzaga keltirayotgan edi.

Bir tasavvur qilib koʻraylik: olis va ayni paytda sugʻoriladigan yerlarga boy tumanlardan biridasiz. Agar siz bu yerdan yer olmoqchi boʻlsangiz, sizga kerak boʻlgan yer uchastkasini tuman yer tuzuvchisi oʻlchab beradi, hokim qarorini ham oʻzi chiqartirib beradi, yer hisobini ham oʻzi yuritadi, qayerga nima ekish kerakligini ham u aniqlaydi, yerlar va ekinlarni ham oʻzi monitoring qiladi. Agar bu yer tuzuvchining niyati toʻgʻri boʻlmasa, u istagan yerini istagan kishiga ajratib berishi, noqonuniy egallangan yerlarni istalgan odamdan yashirishi mumkin. Agar u insofli, lekin biroz sodda inson boʻlsa, istalgan payt kimningdir noqonuniy ishlari qurboniga aylanishi mumkin.

Ushbu Farmon, birinchi navbatda, mana shu holatlarga chek qoʻyishga qaratilgan. Kadastr organlari endilikda faqat yerning hisobini yuritish bilan shugʻullanadi. Qishloq xoʻjaligi yerlarini rivojlantirish, xususan, tuproq bonitirovkasini oʻtkazish, qishloq xoʻjaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash, geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish vazifalari ularning haqiqiy egasi – Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazilmoqda.